Gʻozonxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gʻozonxon (1271-1304) - hulokuiylar sulolasidan boʻlgan Eron hukmdori (elxoni) (1295—1304). Oʻsmirlik chogʻidayoq Xuroson noibligiga tayinlangan; 1295 yil elxon Bayduga qarshi isyon koʻtarib taxtni egallagan. Buddaviylik taʼlimini olgan, lekin Eron zodagonlari va ruhoniylari, koʻchmanchi moʻgʻul zodagonlarining koʻmagiga ehtiyoj sezgan Gʻ. Islomni qabul qilgan va uni qaytadan davlat diniga aylantirgan. 1299—1303 yillarda Gʻ.Suriyaga 3 marta harbiy yurish qilgan.

Moʻgʻullar istilosi va dastlabki elxonlar siyosati natijasida vayron boʻlgan mamlakat iqtisodini qayta tiklash maqsadida Gʻ. vaziri Rashi-duddin yordamida bir qator islohotlar oʻtkazgan (soliq islohoti — soliqlar miqdorini kamaytirish, soliq undirilishi ustidan nazorat oʻrnatish; yagona oʻlchov birliklarining joriy qilinishi, sud isloho-ti; tashlandiq yerlarni obod qilish uchun imtiyozli shartlar bilan mulkdorlarga berish). Gʻ. harbiy xizmatga jalb etilgan barcha moʻgʻullarga iqto ajratish haqida farmon chiqargan (1303 yil yorligʻi); dehqonlarni yerga biriktirilishi va boshqa yerga oʻtishini man etuvchi moʻgul xonlari tomonidan joriy etilgan farmonni tasdiklagan. Gʻ. davrida kanallar qazilgan, Tabriz yaqinida rasadxona va kasalxona qurilgan. Gʻ. olimlarga homiylik qilgan.