Ftor-kauchuklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ftor-kauchuklar — makromolekulasi tarkibida ftor atomi tutgan kauchuksimon polimerlar (elastomerlar). Issiqqa chidamligi, yonmasligi va yemiruvchi muhitlarga bardoshliligi bilan ajralib turadi. Geksaftorpropilen yoki triftorxloretilen bilan vinilidenftoridning sopolimerlanishidan hosil boʻlgan mahsulotlar sanoatda koʻp ishlatiladi. Bu xildagi sopolimerlar uzoq saqlanadigan, oq tusli zaharsiz mahsulot, zichligi 1830–1860 kg/m3, shishalanish temperaturasi —20° ga yaqin, mol. m. 10 mingdan 1 mln.gacha.

F. asosida olingan rezinalardan.sovuqqa chidaydigani perftormetilvinil efir bilan vinilidenftoridning sopolimerlanishi negizida olinadi. Bu F.ning shishalanish temperaturasi — 40° atrofida.

Ishqorlar, turli erituvchi va oksidlovchilarga, shu jumladan, ftorga chidamli rezinalar toʻliq ftorlangan kauchuklardan, mas, triftornitrozometanli tetraftoretilen sopolimeri, issiqqa chidamli rezinalar esa perftormetilvinil efirli tetraftoretilen sopolimerlari asosida olinadi.

Monomerlarni emulsiyada radikalli polimerlash — F.ning asosiy sintez usuli hisoblanadi. F., asosan, moy, oksidlovchilar hamda yemiruvchi moddalar (200° va undan yuqori trada) bilan bevosita kontaktda boʻladigan asbobuskunalarning zichlovchi qismlarini tayyorlashda, kimyo sanoatida, aviatsiya va kosmik texnikada ishlatiladi.