Frustratsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Frustratsiya (lot. frustratio — aldanish, rejalarning barbod boʻlishi) — muammoni hal qilish yoki maqsadga erishish yoʻlidagi faoliyatni izdan chiqaruvchi ruhiy holat. U kishining maqsadga erishishi yoʻlida uchraydigan, obyektiv ravishda yengib boʻlmaydigan yoki subʼektiv ravishda shunday tuyuladigan qiyinchiliklar tufayli paydo boʻladi. Frustratsiyani keltirib chiqaruvchi sabablar frustrator deyiladi. Flustratsiya holati frustratorning kuchiga, jadalligiga bogʻliq. Fluratsiya holatida shaxsning vaziyatni toʻgʻri baholash qobiliyati muhimdir. Shu bois turmushning noqulay taʼsirlariga qarshi kurashish uchun odam feʼl-atvoridagi barqarorlikni shakllantirish lozim. Frustratsiya ham boshqa ruhiy holatlar singari kishi feʼl-atvoriga xos yoki yangi xislatlarning boshlanishini koʻrsatuvchi, shuningdek, oʻtkinchi holat boʻlishi mumkin. Frustratsiya asosan, salbiy hissiyotlar uygʻotadi. Frustratsiyaning turlari: tajovuzkor holat, apatiya, depressiv holat, gʻamginlik tuygʻusi, oʻziga ishonmaslik, kuchsizlik, maʼyuslik va boshqa. Frustratsiyaning tajovuzkor holati koʻpincha oʻzini tuta olmaydigan, qoʻpol odamga xos boʻlsa, depressiya holati oʻziga ishonmaydigan shaxsga taalluqlidir. Baʼzan ogʻir tabiatli kishilarda ham shu xildagi holatni vujudga keltirish mumkin, lekin bu vaziyat uzoqqa choʻzilmaydi.