Kontent qismiga oʻtish

Fransuz inqilobiy urushlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Fransuz inqilobiy urushlari (fransuzcha: Guerres de la Révolution française) 1792-yildan 1802-yilgacha davom etgan va Fransiya inqilobidan kelib chiqqan bir qator keng qamrovli harbiy toʻqnashuvlar edi. Bu urushlar Fransiyani Angliya, Avstriya, Prussiya, Rossiya va boshqa bir qancha monarxiyalarga qarshi qoʻydi. Ular ikki davrga boʻlingan: Birinchi Koalitsiya urushi (1792-97) va Ikkinchi Koalitsiya urushi (1798-1802). Dastlab Yevropa bilan chegaralangan janglar asta-sekin global miqyosni egalladi. Oʻn yillik doimiy urush va tajovuzkor diplomatiyadan soʻng, Fransiya Italiya yarim orolidagi, Yevropadagi Quyi mamlakatlar va Reynlanddagi hududlarni bosib oldi va Shimoliy Amerikadagi Luizianani tark etdi. Fransiyaning bu toʻqnashuvlardagi muvaffaqiyati Yevropaning katta qismida inqilobiy tamoyillarning tarqalishini taʼminlab berdi.

1791-yildayoq Yevropaning boshqa monarxiyalari inqilob va uning qoʻzgʻolonlariga gʻazab bilan qarashdi. Ular qirol Louis XVIni qoʻllab-quvvatlash va inqilob tarqalishining oldini olish yoki Fransiyadagi tartibsizliklardan foydalanish uchun aralashish kerak yoki yoʻqligi haqida bosh qotirishardi. Avstriya, Fransiya chegarasida oʻzining koʻp sonli qoʻshinlarini joylashtirdi va Prussiya bilan birgalikda Pillnitz deklaratsiyasini eʼlon qildi. Unda qirol Louis XVI va qirolicha Mari-Antuanetta bilan bogʻliq biror hodisa roʻy bersa, bu ogʻir oqibatlarga olib kelishi belgilandi. Avstriya Fransiya chegarasidan oʻz qoʻshinlarini chaqirib olishdan va kuch ishlatish tahdididan voz kechishdan bosh tortganidan soʻng, Fransiya 1792-yilning bahorida Avstriya va Prussiyaga urush eʼlon qildi. Har ikkala davlat ham muvofiqlashtirilgan bosqinchilik bilan javob berishdi va oxir-oqibat sentabr oyida Valmi jangida orqaga qaytarildi. Fransiyaning ushbu gʻalabasi monarxiyani bekor qilish toʻgʻrisidagi Milliy konventsiyani qabul qilishga dalda berdi va sababchi boʻldi.[1] Yangi fransuz qoʻshinlarining bir qator gʻalabalari 1793-yil bahorida Neervindenda toʻsatdan uchralgan magʻlubiyat bilan yakunlandi. Yilning qolgan qismida fransuzlar qoʻshimcha bir qator magʻlubiyatlarga uchradilar va bu ogʻir davr Yakobinlarga hokimiyat tepasiga koʻtarilib, xalqni birlashtirish uchun Terror hukmronligini oʻrnatishga imkon berdi.

  1. TCW Blanning, The French Revolutionary Wars. pp. 78–79.