Foydalanuvchi:Gulshoda Safarova/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lingvokriminalistika („lingua“ — til, „criminal“) — jinoyat degan maʼnolarni anglatadi. Yaʼni lingvistika — tilshunoslik ilmini oʻrganuvchi fan, kriminalistika esa huquqshunoslikning alohida sohasi sifatida jinoyatni ochish qonuniyatlarini oʻrganadi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, lingvokriminalistika nutq bilan bogʻliq jinoyatni lingvistik tomondan oʻrganish, mualliflikni, imzolarni va plagiatni aniqlash uchun yozma matnlarni tahlil qilish haqidagi fandir. Lingvokriminalistika masalalari yuzasidan dunyo ilm-fanida koʻplab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Shunday boʻlsa-da, bu sohada hal etilmagan bir qator muammolar mavjud. Xususan, sohaning nomlanishi borasida ham mutaxassis-olimlarning yondashuvlari har xil. Sohaning nomi sifatida „lingvokriminalistika“, „yurislingvistika“, „kriminalistik lingvistika“ kabi terminlarning qoʻllanishini kuzatish mumkin.

Sohaning nomlanishi bilan bogʻliq munozarali holatlarga oʻz munosabatini bildirgan tilshunos B.Mengliyev sud-huquq tizimida ekspertizalar bilan shugʻullanuvchi tilshunoslikni „lingvistik ekspertologiya“ deb nomlashni taklif qiladi. Tadqiqotchi K.Musulmonova tomonidan ham soha „lingvistik ekspertologiya“ termini bilan nomlangan. Ingliz tilidagi tadqiqotlarda esa nomlanish bilan bogʻliq tafovut yoʻq, ular yagona nomdan — „sud lingvistikasi“ (forensic linguistics)dan foydalanib kelishmoqda.

Oʻrganish obyekti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lingvokrimalistikaning oʻrganish obyektini belgilashda ham turli yondashuvlar mavjud. Jumladan, N. D. Golev til va huquq oʻrtasidagi munosabatlardan kelib chiqqan holda lingvokriminalistikaning oʻrganish obyekti sifatida quyidagilarni ajratib koʻrsatadi: — „til yuridik nuqtayi nazardan turli ziddiyatli holatlarda tartibga solish vositasi sifatida qoʻllanadi; shuningdek, til tartibga solishni amalga oshiradigan vosita sifatida ishlaydi“ . Tilshunos M. A. Grachevning fikricha, lingvokriminalistika termini keng maʼnoga ega boʻlib, oʻrganishning quyidagi uch jihatini oʻz ichiga oladi:

  1. Matnni yuridik maqsadlarda oʻrganuvchi tilshunoslik fanining tarmogʻi;
  2. Tilshunoslik fanining sud-lingvistik ekspertizalarni tayyorlashni oʻrganuvchi sohasi;
  3. Tilshunoslik fanining jinoiy submadaniyat bilan bogʻliq matnlarni va ularning sotsiolingvistik jihatlarini oʻrganuvchi sohasi boʻlib xizmat qiladi[1]

Tadqiqot obyekti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lingvokriminalistik tadqiqotning obyekti boʻluvchi matnlar[2]
T/R Ogʻzaki matn Bosma matn Qoʻlyozma matn OAV va ijtimoiy tarmoqlar
1 Turli huquqbuzarlarning soʻzlari, jargon, argolari (oʻzaro suhbatlari) Ashyoviy dalil vazifasini bajaruvchi matnlar Tilxatlar Radio, televidiniye matnlar, internet manbalari
2 Kameralarda saqlangan ovozli xabarlar Nomlar (neyming) (tashkilot, firma, kafe, restoran va boshqalar) Imzolar Gazeta, jurnallar matnlari
3 Telefon muloqotlari Turli xil ekstremistik tarqatmalar Diniy ekstremistik qoʻlyozma targʻibot va tashviqot tarqatmalar E-mail xabarlari
4 Diktofon orqali yozib olingan xabarlar Anonim xatlar, SMS matnlar Qoʻlyozma anonim xatlar Ijtimoiy tarmoq orqali uzatilgan xabarlar
5 Audio, video matnlar Qoʻlyozma intellektual mulk obyektlari

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarni inobatga olgan holda, lingvokriminalistikaning predmeti — jinoiy, fuqarolik yoki maʼmuriy ish uchun ahamiyatli boʻlgan bahsli matnning xususiyatlari toʻgʻrisidagi faktik materiallar deyish mumkin. Yaʼni tilning amaliy funksiyasini yurisprudensiya, xususan, kriminalistikaga tatbiq etish jarayonida aniqlangan faktik materiallar va munozaraga sabab boʻluvchi ziddiyatli holatlar sifatida baholash mumkin.

Faoliyat turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • matn asosida ayrim belgilar, xususan, jinoyatchi shaxsiga oid maʼlumotlarga ishora qiluvchi belgilarni ajratish orqali shaxsni aniqlashga xizmat qilish;
  • savdo belgilarini fonetik, orfoepik, semantik hamda grammatik tomondan tekshirish;
  • qoʻlyozmalar, asarlar, nutq yozuvlari va matnlardagi huquqbuzarliklar, masalan, kamsitish, zoʻravonlik yoki boshqa usulda qoʻzgʻatish holatlarining mavjudligini tekshirish;
  • identifikatsiya tahlillari va diagnostika (matn muallifining belgilarini aniqlash);
  • turli kriminal xarakterda boʻlgan argo, jargon hamda dialektal matnlarni lingvistik xususiyatlariga koʻra aniqlash;
  • giyohvandlikka oid nutqlarni tahlil qilish, aniqlash;
  • nutqni tahlil qilish asosida xulosa berish;
  • bahsli matnning mazmuni, til dizayni va maʼnosini tekshirish.

Sud ekspertizasi va lingvokriminalistika[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lingvokriminalistika sud ekspertizasi tarkibida muhim rol oʻynaydi. Xususan, sud ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan biri qoʻl yozuvi ekspertizasi hisoblanadi. Ushbu tekshiruvning vazifalariga qoʻl yozuv ijrochisini aniqlash hamda xulosa berish kiradi. Identifikatsiya qilish vazifalari bilan bir qatorda qoʻl yozuvi tekshiruvi diagnostik vazifalarni ham, xususan, ijrochining jinsini, yoshini, matnni yozish paytidagi psixofiziologik holatni, qasddan buzilishlarni va boshqalarni aniqlash vazifalarini bajarib keladi.

Tilshunos mutaxassis yozuvning mos yozuv normalari va umumiy yozish qoidalariga asoslanib, matnda turli xil anomaliyalarni qidiradi.

Insonning qoʻl yozuvi oʻziga xosdir, bu esa mutaxassisga meʼyordan chetga chiqish asosida shaxsning individualligini aniqlash imkonini beradi. Matn ham shaxsning shaxsiy xususiyatlarini (boʻsh joydan notoʻgʻri foydalanish, paragraflarga maxsus boʻlinish, shrift tanlash va boshqalar) bildirishi mumkin[3]


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O'rozov, Jumanazar. O‘zbek tili lingvokriminalistikasi (O'zbek). Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, 2023 — 136 bet. 
  2. Musulmonova, Kamola. . O‘zbek tili yozma matnlarini lingvistik ekspertiza qilish jarayoni, bosqichlari va metodlari, Qo'qon, 2022 — 19 bet. 
  3. O'rozov, Jumanazar „Sud ekspertizasi tarkibida lingvokriminalistikaning o‘rni“ (O'zbek). huquqburch.uz. Furqat Alimardon (2023-yil 25-sentyabr). Qaraldi: 1-may 2024-yil.