Foydalanuvchi:Asqarovamanzura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tojikistonda o‘zbek tilshunosligi

Uzbek linguistics in Tajikistan

Ermatov Ixtiyor Rizakulovich*

Annotasiya. Tojikistonda o‘zbek tilshunosligining shakllanishi, taraqqiyoti va rivojlanishiga sabab bo‘lgan omillar hamda o‘zbek tilshunosligining rivojiga hissa qo‘shgan tilshunoslar haqida fikr yuritiladi. Maqolada o‘zbek tilshunosligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida, unga qo‘shni respublikalarda ilk bor o‘rganilishiga e’tibor qaratilgan.

Annotation. The factors that led to the formation, development and growth of Uzbek linguistics in Tajikistan, as well as the linguists who contributed to the development of Uzbek linguistics are discussed. The article focuses on the first study of Uzbek linguistics outside the Republic of Uzbekistan and in neighboring republics.

Kalit so‘zlar: suppletivizm, turkologiya, klassema, giponim, ekvonim, pronominalizatsiya, tilshunoslik maktabi.

Keywords: suppletivism, turkology, classics, hyponym, equonym, pronominalization, school of linguistics.

Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligi muammolarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan izlanishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada mamlakatimizdagi mavjud ko‘p tilli jamiyat va amalda bo‘lgan turli tillarning o‘zaro ta’siri, holati, mukammallashuvi, mavqeining oshishi hamda funktsional rivojlanishi masalalariga oid izchil tahlillarning yetarli emasligi, bu yo‘nalishdagi ilg‘or jahon tajribasini tadqiqotlarda samarali qo‘llash hamda o‘zbek tilining chet davlatlardagi taraqqiyoti masalalari bo‘yicha izlanishlarni olib borish tilshunosligimizdagi muhim vazifalardan biridir.

O‘zbek tilshunosligi turkiy tilshunoslikning nazariy jihatdan atroflicha mukammal rivoj topgan tarmoqlaridan biridir. O‘zbek tilshunosligi tilning jahon tilshunosligi so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlarini o‘rganib, uni tilning barcha sath hodisalariga tatbiq etayotir. Bu xususiyatni o‘zbek tilshunosligining fonetika va fonologiya, so‘z yasalishi va morfemika, leksikologiya va frazeologiya, morfologiya va sintaksis sohalarida ko‘rish mumkin.

“Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda. O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda” [Mirziyoyev, 2019: 218]. Bugun o‘zbek tili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘rganilmoqda. Shu bilan birga tadqiq ham etilmoqda.

Biz fikr yuritmoqchi bo‘lgan “Tojikistonda o‘zbek tilshunosligi” mavzusi umumiy tilshunoslik mundarijasiga aloqador muammolar sirasiga kirib, mavzu zamonaviy dolzarb xarakter kasb etadi. Uning zamonaviy va dolzarbligi shundaki, o‘zbek tilshunosligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida, unga qo‘shni Respublikalarda ilk bor o‘rganilayotir. Bunga yetarlicha asos ham bor, albatta.

Tojikiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida yigirmadan ortiq mutaxassislar o‘zbek tilining fonetik-fonologik, morfem va so‘z yasalishi, morfologik va sintaktik qurilishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tinimsiz shug‘ullanib keladi. Shuningdek, bu mamlakatda o‘zbek tilining lug‘aviy qurilishi, til birliklarining mazmuniy plani (semantikasi), badiiy asar tilini sinxron va diaxron rejalarda o‘rganish masalalari ham tadqiqotchilar e’tibori markazida bo‘lib kelgan. Tojikiston o‘zbeklari shevalarini o‘rganish ham tojikistonlik tilshunoslar e’tiboridan chetda qolmagan. Bunday murakkab va rang-barang mavzular bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonning Tojikistondan boshqa qo‘shni mamlakatlarida amalga oshirilmagan.

Tojikistonda o‘zbek tilshunosligining dastlabki kurtaklari Leninobod shahrida, ya’ni hozirgi Xujandda shakllangan. 1932 yili 26 nafar talaba bilan ta’sis etilgan Leninobod davlat pedagogika instituti o‘z faoliyatini boshlagan. Institut 1946 yildan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha ham talabalar qabul qila boshlagan. 1952 yildan o‘zbek tili va adabiyoti alohida kafedra sifatida shakllanib, unda filologiya fanlari nomzodi Obidjon Orifov (Orifiy), Abduqodir Alimuhamedov va institutni shu yili bitirib, ishda qoldirilgan Oxunjon Abdunazarov, Abdullajon Shodievlar faoliyati boshlangan.

1957 yildan Toshkent davlat universitetining (u vaqtda O‘rta Osiyo davlat universiteti deb yuritilgan hozirda O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tugatgan H.Mamadov, so‘ngra Samarqand davlat universitetini bitirgan Lolaxon Abdullaeva hamda O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti aspiranturasini bitirgan Ozodgul G‘afforova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini bitirgan P.Hamdamov singari kadrlar hisobiga kafedraning tilshunos o‘qituvchilar safi kengayib borgan. Ular o‘zbek tilshunosligining turli sohalari bo‘yicha dars bera boshlaganlar.

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlariga ham e’tibor qaratila boshlagan. Kafedraning H.Mamadov, O.Abdunazarov, P.Hamdamov singari katta o‘qituvchilari Toshkent shahriga borib, nomzodlik dissertatsiyalari bo‘yicha mavzu va ilmiy rahbar olib, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullana boshlagalar. Shu institutni 1961 yili o‘zbek tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha bitirgan A.Karimov O‘zbekiston FA Til va adabiyot institutining kunduzgi bo‘limida tahsil olib, kafedrada yana faoliyatini davom ettirgan. Keyinchalik (1964-1965 yillardan) kafedra E.Sheraliev, A.Berdialiev; 70-yillardan keyin esa, T.Mirzaqulov singari yoshlar hisobiga yana kengaygan.

1977 yildan o‘zbek tili mustaqil kafedra maqomida ish boshlagan. 80-yillar va undan keyin SH.Mirzaqulov, B.Eshonqulov, T.Turdiboev, B.Sheronov, D.Berdialieva, S.Turdiboeva, M.Mirzaahmedov, O‘.Xidirova, V.Qodirova, E.Eshmurodov, B.Jabborov singari yoshlar hisobiga kengayib borgan. Ular aspirantura va tadqiqotchilik yo‘llari bilan nomzodlik ilmiy ishi bilan shug‘ullanganlar.

B.Sheronov, T.Turdiboev, M.Mirzaahmedov, A.Rahmonqulov, B.Eshonqulov, E.Eshmurodov, B.Jabborovlar mavzulari o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar.

O‘zbek tilshunosligi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar Q.Jo‘raev nomidagi Dushanbe (hozir S.Ayniy nomidagi Tojikiston Milliy pedagogika instituti) va N.Xisrav nomidagi Qo‘rg‘ontepa pedagogika institutlarida ham mavjud. S.Ayniy nomidagi Tojikiston Milliy pedagogika institutida filologiya fanlari nomzodi, dotsent R.Xidirov o‘zbek va tojik qiyosiy leksikologiyasi bo‘yicha yirik rejada ilmiy-tadqiqot ishi bilan shug‘ullanadi. Shu mavzuga bag‘ishlangan 50 dan ortiq maqola, 1 monografiya va bir o‘quv qo‘llanmasini (A.Berdialiev bilan hamkorlikda) nashr ettirgan [Berdialiyev, 2013: 208].

N.Xisrav nomidagi Qo‘rg‘ontepa davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Shoira Rasulova (Xujand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakul`tetini 1998 yili bitirgan) prof. A.Berdialiev rahbarligida “O‘zbek tilida ayollar jinsiga oid kasb nomlari” mavzusida katta rejada ilmiy-tadqiqot ishi olib bormoqda.

Tojikistonlik o‘zbek tilshunoslari tomonidan shu davrga qadar 50 dan ortiq ilmiy maqolalar majmuasi, monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmasi xarakteridagi 100 dan ortiq kitoblar nashr etilgan. Ularda o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan dolzarb mavzular qamrab olingan.

Xujand davlat universitetining o‘zbek tilshunosligi mutaxassislari qo‘shni mamlakatlar uchun ham ilmiy darajali mutaxassislar tayyorlashda ibratli tajribaga ega. Masalan, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Batken davlat universitetining A.Mashrabov, R.Abdullaev, G.Musirmonova, B.Nishonov, S.Abdullaeva; O‘sh davlat universitetining D.Saidrahimova, N.Turganboev; O‘zbekiston Respublikasi Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutining D.Hasanova singari mutaxassislari prof. A.Berdialiev rahbarligida nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlagan. Qo‘shni Afg‘oniston davlatidan M.Qodiriy esa, “Afg‘oniston o‘zbeklari tilida arab-fors lug‘aviy o‘zlashmalari” mavzusida yakun topgan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida turibdi.

Tojikistonda o‘zbek tilshunosligi rivoji va taraqqiyoti bevosita prof. A.Berdialievning ilmiy faoliyati bilan bog‘liq. A.Berdialiev Tojikiston O‘zbek tilshunosligi maktabiga asos soldi. 30 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qildi. Oliy o‘quv yurtlari talabalari va umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quvchilari uchun darsliklar yozdi va chop ettirdi.  

Tojikistonda o‘zbek tilshunosligi maktabining asoschisi prof. A.Berdialievning ayrim ilmiy maqolalari haqida fikr yuritamiz. Masalan, prof. A.Berdialievning “Suppletivizm va unga daxldor ba’zi tushunchalar haqida” [3, 1996: 3-14] maqolasida, rus tilshunosligida maxsus ishlanmagan, turkologiyada esa, til ilmi mutaxassislariga noma’lum bo‘lgan lug‘aviy sathning dolzarb bir muammosi haqida fikr yuritiladi. E’tirof etilishicha, bir umumiy klassemaga ega bo‘lgan har xil lug‘aviy-grammatik kategoriyaga mansub ikki leksema munosabatida suppletiv munosabat vujudga kelib, shu munosabatni tashkil qilgan so‘zlar lug‘aviy suppletivizmga mansub bo‘larkan. Ana shu umumiy klassema asosida ikki lugaviy birlik – lug‘aviy suppletiv sintagmatik munosabatga kirishib, sintagma (birikma) hosil qilar ekan. Olim qo‘l va ushlamoq, ko‘z va ko‘rmoq, tabib va davolamoq, oyoq va yurmoq singari so‘zlararo suppletiv aloqa mavjud va shu sabab bu so‘zlarni lug‘aviy suppletivlar deya izohlaydi.

Professor A.Berdialievning assimilyatsiya va dissimilyatsiya singari fonetik jarayonlarning izomorfizm qonuniyati ta’sirida tilning lug‘aviy sathida ham boshqacha lisoniy qiymat bilan amal qilishi haqidagi qarashlari uning “Semantik assimilyatsiya va dissimilyatsiya hodisalari haqida” deb nomlanuvchi maqolasida o‘z ifodasini topgan [4, 1997: 5-12]. Maqola til ilmining o‘ta murakkab va dolzarb muammolariga qaratilgan. Ma’lum bo‘lishicha, semantik assimilyatsiya semantik dissimilyatsiya bilan mantiqiy-lisoniy jihatdan o‘zaro bog‘liq har xil tushunchalardir. Maqolada semantik assimilyatsiya va semantik dissimilyatsiyaning uch amaliy turi ajratiladi. Ular: a) sinxron semantik assimilyatsiya va dissimilyatsiya; b) diaxron semantik assimilyaiya va dissimilyatsiya; v) qiyosiy semantik assimilyatsiya va dissimilyatsiya [4, 1997: 10].

A.Berdialievning nomi yuqorida tilga olingan ikki maqolasi ham umumtilshunoslik nuqtai nazaridan o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yirik monografik tadqiqotlar uchun mavzudir. Biroq maqolaning e'lon qilinganiga qariyb chorak asr bo‘layotgan bo‘lsa-da, afsuski, bu mavzu o‘zining fidoyi tadqiqotchilarini topgan emas.

Prof. A.Berdialievning “Lug‘aviy birliklararo lisoniy munosabatlar masalasiga doir” nomli maqolasida lug‘aviy birliklar: a) shakldoshlar so‘zlar; b) ohangdosh so‘zlar; v) ma'nodosh so‘zlar kabi uch guruhga ajratiladi. Lug‘aviy birliklarning denotativ asosda farq qiluvchi guruhi o‘z navbatida yana giponimlar, ekvonimlar, partonimlar va graduonimlarga ajratiladi [5, 2011: 9-16].

Prof. A.Berdialievning esa, so‘z turkumlarining yangicha tasnifi, konversiya va transpozitsiya, pronominalizaiya jarayonlari bilan bog‘liq ilmiy jihatdan o‘ta to‘laqonli original maqolalari mavjud. Olimning prof. A.Nurmonov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlab yozilgan “So‘z turkumlari tizimidagi bir lisoniy jarayon” nomli maqolasida [6, 2012: 116-124] o‘zbek tili nazariy morfologiyasining hozirgacha hal etilmagan ikki muhim nuqtasiga urg‘u beradi. Birinchisi – bu so‘z turkumlari tasnifi, ikkinchisi – transpozitsiyaning (ko‘chishning) kon'yunkiolizatsiya jarayoni bilan bog‘liq tomoni.

Olimning kon’yuktsionalizatsiya hodisasi haqidagi qarashlari uning shogirdi O.Mavlonberdieva tomonidan o‘zbek tilining fe’l tizimiga ham tatbiq etilib, “O‘zbek tili harakat fe’llari tizimida kon’yuktsionalizatsiya hodisasi haqida” mavzusida alohida maqola e’lon qilingan [Mavlonberdiyeva, 2014: 85-88]. So‘z turkumlari tasnifi bilan aloqador masalada olim o‘zining original ilmiy qarashlarini tavsiya etadi. So‘z turkumlarining ichki turlari va ularning nomlanishini saqlagan holda, bu murakkab lug‘aviy-grammatik kategoriyani dastlab ikki guruhga ajratadi: a) lug‘aviy-ma'noviy birliklar turkumi; b) lug‘aviy-shakliy birliklar guruhi.

Birinchi guruhga an’anaviy mustaqil so‘z turkumlari sanaluvchi ot, sifat, son, olmosh, fe’l va ravishlarni kiritadi. Ular tilning nominativ bajaruvchi birliklari guruhi hisoblanadi. Shu guruhga taqlidiy va modal so‘zlar ham kiritiladi.

Lug‘aviy-shakliy birliklar guruhiga grammatik vazifa bajaruvchi bog‘lovchi va yuklamalar kiritiladi. An’anaviy tarzda yordamchi so‘z turkumi sanaluvchi yuklamalar, grammatik ma'no bajarmaganligi uchun, lug‘aviy-shakliy birliklar guruhidan chetlashtiriladi. Undovlar esa, lug‘aviy-ma’noviy, lug‘aviy-shakliy birliklar guruhiga daxldor bo‘lmagan shakliy-emotsional birliklar maqomida qaraladi. So‘z turkumlarining geteregon tizimi lug‘aviy-ma’noviy, lug‘aviy-shakliy, shakliy-pragmatik va shakliy-emotsional xarakterdagi to‘rt lisoniy hodisalar uyushmasi sifatida qaraladi.

A.Berdialiev kontseptsiyasining so‘z turkumlari tizimi bilan bog‘liq ikkinchi jihati – bu shu ichki guruhlarning konversiya-transpozitsiyaga munosabati masalasidir. Unda mustaqil ma'noli so‘zlarning, ya’ni lug‘aviy-ma'noviy birliklarning yordamchi so‘zlarga ko‘chishi masalasiga e'tibor qaratiladi. Shu lisoniy jarayonga nisbatan kon'yunktsiya atamasi tavsiya etiladi. Xullas, prof. A.Berdialievning so‘zlar turkumi bilan bog‘liq qarashlari o‘zbek tilshunosligidagina emas, balki umumiy tilshunoslikda ham kutilmagan ilmiy yangilikdir.

Olimning pronominalizaiya va uning jarayonlari haqidagi qarashlari ham umumtilshunoslikda mutlaqo yangilik hisoblanadi. Bu lisoniy hodisa olmoshlashish jarayoni bilan aloqador bo‘lib, unda ot, sifat, ravish va ayrim fe'l-leksemalar neytralizatsiya konuniyati ta'sirida, kategorial grammatik va lug‘aviy ma'nolari xiralashadi, olmoshlar xarakterini kasb etadi.

Prof. A.Berdialievning “Fe'l grammatik shakllaridan birini hosil qiluvchi -iz unsuri haqida” maqolasida ham o‘zbek tili morfologiyasining dolzarb muammolaridan biri haqida so‘z yuritiladi [8, 2014: 13-18]. Unda fe'lning ikkinchi shaxs ko‘pligi shaklini hosil qiluvchi fakul`tativ xarakterdagi -iz qo‘shimchasining (keling-kelingiz, ayting-aytingiz, boring-boringiz va h.k.) aslida “siz” olmoshidan (qiyoslang: keling siz – kelingiz, boring siz – boringiz), uning birinchi tovushi “s”ning tushib qolishi tufayli hosil bo‘lgan degan ilmiy asosli fikrni olg‘a suradi, ya'ni ega va kesim inversiyali sintaktik qurilma (gap)ning morfologizatsiyalashuvi deb to‘g‘ri baholaydi.

Demak, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Tojikiston o‘zbek tilshunoslari O‘zbekistonda yashab, ilmiy ijod bilan regulyar shug‘ullanuvchi olimlar bilan bir qatorda, o‘zbek tilshunosligining ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan ekanlar. Tojikiston o‘zbek tilshunoslarining til ilmining har bir sohasidagi faoliyati monografik rejada amalga oshishi mumkin bo‘lgan alohida-alohida tadqiqotlar uchun ob’ekt bo‘la oladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ш.Мирзиёев. Миллий ўзлигимиз ва мустақил давлатчилигимиз тимсоли. (Ўзбек тилига давлат тили мақоми берилганлигининг ўттиз йиллигига бағишланган тантанали маросимдаги нутқ) // «Халқ сўзи» газетаси. – Тошкент, 2019 йил 22 октябрь. – № 218.

2. Бердиалиев А., Хидиров Р. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Хужанд: Раҳим Жалил, 2013. – 208 б.

3. Ўзбек тилшунослигининг долзарб масалалари. Илмий мақолалар тўплами. 7-китоб. – Тошкент, 1996. – Б. 3-14.

4. Ўзбек тилшунослиги масалалари. Илмий мақолалар тўплами. 10-китоб. – Хужанд, 1997. – Б. 5-12.

5. Тилшунослик ва адабиётшунослик масалалари // Илмий мақолалар тўплами. – Хужанд: “Нури маърифат”, 2011. – Б. 9-16.

6. Ўзбек тилшунослигининг долзарб муаммолари. – Андижон, 2012. – Б. 116-124.

7. Мавлонбердиева О. О явлении конъюкционализации в системе глаголов движения узбекского языка // Талант познаням сокровенный пыл (сборник научных трудов преподователей факультета филологии). – Худжанд, 2014. – С. 85-88.

8. Талант к познаням сокровенный пыл Джами. (Сборник научных трудов преподователей факультета филологии). – Хужанд, 2014. – С. 13-18.