Foydalanuvchi munozarasi:Asqarovamanzura

Sahifa kontenti boshqa tillarda dastaklanmaydi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
 "TEMURNOMA"ning lug'aviy belgi bildiruvchi leksemalari xususida
                             Sh. Abdurahmanov f.f.n Namangan      davlat universiteti dotsenti                    
  M.Asqarova,NamDU magistranti
 Annotatsiya: Ushbu maqolada "Temurnoma" asarining ilmiy-badiiy  ahamiyati, asarning leksik-semantik tadqiqi, xususan,  lisoniy belgi bildiruvchi so'zlarning mavzuviy guruhlari misollar bilan tahlil qilingan.
 Annotation: In this article about the scientific and literary importance of "Temurname", research of work about lexic-semantical structure especially group of theme linguistic sign words. 
 Kalit so'zlar: nominativ birliklar, lisoniy belgi, mavzuviy guruhlar, motivlangan va motivlanmagan belgilar,kategoriyal ma'no va h.k.
 Key words: nominative words, linguistic sign, the group of theme, motivated and unmotivated signs, categorical mean and so on. 

Milliy ruh – bu yengilmas kuch. Milliy ruh kuchli bo‘lsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori bo‘ladi. Kelajakda harbiy bo‘lishni orzu qiladigan botir farzandlarimiz milliy ruhni, muqaddas Vatan taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini qaerdan oladi? Vatanimiz boy tarixidan, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratidan oladi. [1;1-b] Zero, milliy madaniyatimiz, tariximiz, adabiyotimiz, tilimiz, shuningdek, uning tarixini o`rganish yuqoridagi fikrlarga aynan hamohangdir. Amir Temur o'zbek davlatchiligi tarixida siyosat va ma'naviyat uyg'unligiga erishgan noyob shaxslardan biri hisoblanadi. Bunday uyg'unlikni tarixda kamdan-kam saltanat sultonlarida kuzatish mumkin. Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, sohibqiron faoliyatida adolat tushunchasi juda muhim o'rin tutgan. Bejizga uning muhrida “Kuch adolatdadur” degan so'zlar bitilmagan edi. Adolat tantanasi bois, davlatda har bir fuqaroning izzat-hurmati joyiga qo'yilgan, haq-huquqlari himoya qilingan.Amir Temur faoliyatining asosiy tamoyillari "Temurnomada" o'z aksini topgan. Unda ichki va tashqi siyosatning mohiyati mujassamlashgan. Uning siyosati asosini qonun ustuvorligini ta'minlash, xalq ahvolini bilish, mazlum xalqlarni zulmdorlardan ozod qilish tashkil etgan. U xalq ahvolidan vositachilar orqali emas, balkim bevosita, to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo'lgan. Til kishilar o`rtasidagi eng muhim aloqa vositasidir. U obyektiv borliqdagi ma'lum voqea-hodisa haqida axborot tashuvchi asosiy vositadir. Bu jihatdan til ham axborot berish uchun xizmat qiladigan vositalar sirasiga kiradi. Buning uchun umumiy narsa, avvalo, o`zi haqida va shu bilan birga borliqdagi ma'lum narsa-hodisalar haqida ma'lumot berishdir. Bunday vositalar "belgilar" deb nomlanadi.[2;32-b] Hozirgi kunda belgining turli aspektlarini hisobga oluvchi har xil ta'riflari mavjud. Uning hamma qirralarini hisobga olgan holda Y.Maslov shunday ta'rif beradi: "Belgi- bu idrok qiluvchiga o`zi haqida va ushbu belgidan tashqarida bo`lgan boshqa narsa haqida ma'lumot beruvchi vositadir". [3; 89-b] Belgini aniqlashda, odatda, uning ikki xususiyati ko`rsatiladi. Belgining birinchi belgisi idrok qilinishdir. Demak, u idrok qilinishi uchun ma'lum moddiy asosga ega bo`lishi kerak. Belgining moddiy asosi turlicha bo`lishi mumkin; tovush (akustik), ko`rish (optik), maza (gustator) va boshqalar. Belgining ikkinchi belgisi haqida boshqa obyekt haqida ma'lumot berishdir. Anglashiladiki, har qanday belgida o`zaro ma'lum munosabatda bo`lgan ikki obyekt mavjud bo`ladi. Obyektlar o`rtasidagi munosabat ikki xil: sabab natijali munosabat va shartli munosabat. Sabab natijali munosabatda bo`lgan obyektlar motivlangan, shartli munosabatda esa motivlanmagan bo`ladi. Demak, belgilar obyektiv reallikdagi o`zi aks ettirgan obyektga munosabatiga ko`ra motivlangan va motivlanmagan belgilarga bo`linadi. Masalan: "Temurnoma" asaridagi Yusuf nozaninim hajr-u firoqida va Yusufo va Furqato, deb nola faryod qilib, yig`lay-yig`lay ko`rar ko`zi ko`rmas bo`lib qoldi, gapida Yusufning nozanin, bir go`zal ishqida yig`layverib ko`zi ojiz bo`lib qolganligi haqida tasavvurga ega bo`lamiz. Yoki, Ul kuni kech bo`lib, quyosh Yunusin shafaq dengizin balig`i yutti. Yani, kech bo`lganini ko`rib, quyosh botganini tasavvurimizga keltiramiz. Yana bir misol keltiradigan bo`lsak, o`tg`a o`zimni urgayman. Olovga o`zini tashlamoqchi bo`lganligi haqida tasavvurga ega bo`lamiz.

Belgilar sistemasida sema ya'ni ma'no predmetni bevosita emas, balki bilvosita tovush tomoni orqali aks ettiradi.[4; 12-b]Darhaqiqat, tushuncha va ma'no o`rtasidagi farq juda katta. Predmetning in'ikosi inson ongida tabiiy ravishda ro`y beradi.Shuningdek,belgilarning umumlashmasi sifatida ongda predmet obrazi gavdalanadi.

Tovush kompleksi bilan predmet o`rtasidagi aloqa inson tomonidan o`rnatiladi. Lekin ma'noni boshqacha talqin etamiz. Bunga muvofiq lingvistik birlikning mohiyati moddiy tomoni bilan (belgi bilan) g`oya tomoni (ma'no)ning birligidan iboratdir. Belgi va lisoniy belgini bildiruvchi so`z turkumlari bu sifat hamda ravishdir. Bu so`z turkumining "Temurnoma" asarida qanday belgilar bilan ifodalanishi quyida aytib o'tamiz. Sifat bilan ravish o`zaro bog`liq bo`lib, ular belgilar asosida bir-biridan tubdan farq qiladi. Ya'ni sifatlar predmetning belgisini bildirsa, ravishlar ish-harakatning belgisini bildiradi. Demak, sifatlarning umumiy kategoryal ma'nosi predmet belgisini anglatishdir. Bundan tashqari sifatlar o`ziga xos morfologik va sintaktik xususiyatlarga ega. Sifatlar predmetning ma'lum bir belgisini bildirish xususiyatlariga ko`ra, bir necha turlarga bo`linadi:

  1.Xususiyat bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar juda katta miqdorni tashkil etadi. Bular insonlarning turli xarakter-xususiyatlarini, shuningdek, predmetlarning belgilarini bildiradi: Qozonxon andog` zolim erdiki, kishini talab qilsa, avval xotin va bolalariga vasiyat qilib, keyin Qozonxonni oldiga borur erdi.  Berilgan gapda "zolim" so`zi xususiyat bildiruvchi sifat hisoblanadi. Chunki bu so`z Qozonxonni yomon inson ekanigini ko`rsatadi.

Xususiyat bildiruvchi ba'zi sifatlar inson, jonivor va narsalarga nisbatan qo`llanganligini ifodalash ham mumkin. 2.Holat bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar inson,hayvon va predmetning turlicha holatlarini ifodalaydi. Masalan, Rijol ul g`oyib barchalari xursand bo`lib, motam kiyimini solib, shodmon libos kiydilar. [5; 45-b]. Havo ko`b issig` erdi. [5;55-b]. Bu oqsoqol kishi anga qaramasdan o`z ishiga mashg`ul bo`ldi.[5; 74-b] Amir Choku barlosda davlatmand erdi. Ammo Tarag`ay bahodir ko`p g`ani boy kishi erdi. Har ijnos mollari bor erdi. Ul qavm hiyla birla bir xovlig`a qamab ikki yuz kishi atrofiga o`tin qalab, ko`p nihoyatda sovuq erdi, katta-kichik barchasini o`t yoqub kuydirib yubordilar. [ 5; 71-b] Berilgan gaplarda qatnashgan xursand, issig`, oqsoqol, davlatmand, boy, sovuq so`zlari holat bildiruvchi sifatlar hisoblanadi. 3.Shakl-ko`rinish bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar insonning turli tashqi qiyofasi va tuzilishlarini, predmetning shakliy ko`rinishlarini bildiradi. Masalan, Chig`atoy odamlari ichida andin zo`r, pahlavon kishi yo`q erdi. Ammo Nosir askari ichra ikki ko`zi ko`r kishi bor erdi. Yo`qun xotin telva, jinni bo`lib va ham so`qir bo`libdur. Ushbu gapda qatnashgan sifatlar, ya'ni zo`r, pahlavon, ko`r, telva, jinni, so`qir so`zlari insonga xos ko`rinishni ifodalovchi sifatlardir. 4.Rang-tus bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar ham faqat predmet belgisini bildirish uchun qo`llaniladi. Masalan, Bul tarafda Zamonbek o`n fidoyi bila oq kiyimli bo`lib yaqin keldilar. Ammo malohidalar oq kiyimlu bo`lib boshlariga salla o`rib, Nosir qora ot minib, Munno ot qo`yg`an chinorni oldig`a kelib qaror oldi. [ 5;64-b] Yalinmoq va yolbormoq va o`kunmoq xudoyi azzi jallga bo`ysunkim, qora yerga ulanlar berib, ko`karib va quruq yig`ochlarga afrog`lolar berib, liboslar kiydirib xabototdin nabotot paydo bo`lib, vaqti kelib rango-rang gullar va chechaklar ochilib, andin turlu-turlu yolumlar o`lubdur. Amir Qozag`on bayroqi oq, kiyumu qizil oti qora erdi. [ 5; 46-b] Yashil bayroq birla tamomi ulamo almmoi din atroflarida xatmi Qur'on qilib, ruhi rasululloh alayhissalomga bag`ishlar erdilar. Nosir Xusrav qavmi oq kiyimluklarni barcha boshlig`i birla ulamolar kofir deb hukm qildilar. Bu misollardan ko`rinib turibdiki, "Temurnoma"da rang-tus bildiruvchi sifatlar juda ko`p qo`llangan. 5.Hajm-o`lchov bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar predmetning hajm, vazn-og`irlik jihatidan o`lchov belgisini bildiradi. Masalan, Movarounnahr kishilariga, musulmonlarga zamon tor keldi. [5; 66-b]. Ushbu gapda "tor" so`zi ko`chma ma'noda qo`llangan. Maza-ta'm bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar juda oz bo`lib, predmetlarning achchiq, shirin, nordon, chuchukligini bildiradi. Hid bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar u qadar ko`p bo`lmasa ham, lekin o`ziga xos sifatlar hisoblanadi. Sifat so`z turkumi mana shunday mavzuviy guruhlarga bo`linadi va o`ziga xos xususiyatlar bilan xarakterlanadi. "Temurnoma" jahonga taniqli ulug`vor tarixiy shaxsning hayoti misolida kishilarni bir-biriga mehr-oqibatli bo`lishga undaydi, o`tmishda yuz bergan qirg`inlardan saqlanishga, tinchlikning, oriyatning qadriga yetishga da'vat etadi. Holbuki, biz tariximizni juda sayoz bilamiz, o`tmish-ertangi kunning darsligi. Dars esa hamisha ibrat yo`liga boshlaydi.


              Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Мирзиёев Ш. Адабиёт ва санъат, маданиятни ривожлантириш – халқимиз маънавий оламини юксалтиришнинг мустаҳкам пойдеворидир. // Халқ сўзи, 2017, 4 август. 2. Хожиев А. Ўзбек тили лексикологияси. – Тошкент: “Фан”, 1992. 3.Ирисқулов М. Тилшуносликка кириш. – Тошкент: “Ўқитувчи”, 1992. 4.Расулов И. Ўзбек тили. – Тошкент: “Ўқитувчи” 1960. 5.С. Тошкандий. Темурнома. – Тошкент: “Чўлпон”, 1990.