Fotima va Zuhra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Fotima va Zuhra
Muallif(lar) O'lmas Umarbekov
Til o'zbekcha
Janr(lar)i detektiv
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1994

Fotima va Zuhra — yozuvchi Oʻlmas Umarbekov tomonidan yozilib, 1994-yilda nashr etilgan detektiv yoʻnalishdagi roman[1]. Asar qahramonlari „Shifokor“ jamoa xoʻjaligi raisi Sultonov, Abdulla, Hamidulla, Fotima, Zuhra va boshqalar. Asarda mustaqillik davrigacha boʻlgan davrdagi ijtimoiy vaziyat, mafiyaning avj olayotgani va ularni qoʻllab-quvvatlayotgan rahbarlar mavzusi bir oilaning parokanda boʻlib ketishi fonida aks ettiriladi[1]. Asarning oʻtkir sujeti, realligi kitobxonning asarga nisbatan qiziqishi va tushunishini osonlashtiradi. Asar bosh qahramonlaridan biri Zuhra oilasi uchun qasos olish niyatida dadil harakat qiladigan matonatli qiz sifatida gavdalantirilgan. Qahramonlardan biri mayor Qodirjon Aliyev esa davlat va qonun himoyachisi sifatida oʻziga berilgan topshiriqni vijdonan bajaradi. Hatto oila aʼzolarini xavfga qoʻyib, Sultonovning qilmishlarini tagiga yetadi. Yozuvchi ikki qahramon: Sultonov va Aliyev orqali yaxshilik va yomonlik, nafs va vijdon, halollik va nopoklik kabi bir-biriga qarama — qarshi tuygʻular konfliktini namoyon qiladi. Bundan tashqari, „Fotima va Zuhra“ romani oʻz davrining dolzarb ijtimoiy muammolari ham ochiqchasiga yoritilgan. Ayni shu jihat asarning qiziqarliligi va oʻqishliligini oshirgan.

Asar asosida 2005-yilda kinofilm suratga olingan[2]. Film ssenariysini „Fotima va Zuhra“ motivlariga asoslangan holda Bahrom Yoqubov hamda Ulugʻbek Zufarovlar yozgan[3]. Postanovkachi rejissor — Bahrom Yoqubov, prodyuser — Avaz Tojixonov. Filmdagi Fotima rolini aktrisa Gulchehra Eshonqulova, Zuhra rolini esa aktrisa va qoʻshiqchi Shahzoda ijro etgan[3]. Filmda yana mashhur oʻzbek aktyor va aktrisalaridan Ubaydulla Omon, Raʼno Zokirova, Ulugʻbek Qodirov, Lutfulla Saʼdullayevlar rol ijro etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 ziyouz.uz. „O‘lmas Umarbekov. Fotima va Zuhra (roman)“ (2014-yil 5-yanvar). Qaraldi: 23-noyabr 2022-yil.
  2. Tarona TV. „Fotima va Zuhra (film) | Fotima va Zuxra (film) 2005“ (oʻzbek). Qaraldi: 23-noyabr 2022-yil.
  3. 3,0 3,1 „Fotima va Zuxra“. Qaraldi: 23-noyabr 2022-yil.