Filippin tillari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Filippin tillari - avstronez tillarinit malaypolinez tarmogʻiga mansub gʻarbiy guruh tillari; anʼanavii tarzda indonez tillari tarkibiga kiritiladi. Filippin tillari ning umumiy miqdori 100 dan ortiq boʻlib, ular Filippin arxipelagidagi odam yashaydigan 800 ta orolda tarqalgan (filippinliklarning 90% i mamlakatning 95% maydonini tashkil etuvchi 11 ta yirik orolda yashaydi). Keng tarqalgan 6 ta Filippin tillari da (bisay, tagal, iloki, bikol, pampangan, pangasinan) 60 mln.dan ortiq kishi soʻzlashadi (oʻtgan asrning 90-yillari). Yuqoridagilardan tagal tili ingliz tili bilan birga Filippin Respublikasining davlat tili hisoblanadi.

Filippin tillari tasniflari ibtidoiy xususiyatga ega boʻlib, bu tasniflar sof lingvistik boʻlmay, etnolingvistik yoki geolingvistik tasniflardir. Mas, amerikalik F. Bleyk 20-asr boshlarida Filippin tillari ni jan. va shim. guruhlarga boʻlgan; ingliz olimi R. Rayt va filippinlik G. O. Beyerlar esa ularni "xristian", "musulmon" va "majusiy" (butparast) tillarga ajratgan; amerikalik X. Konklin Filippin tillari ni 75 "asosiy lingvistik guruxlar"ga birlashtiradi; filippinlik S. Lopes shim., markaziy (bisay) va jan. tillarni ajratadi va boshqa Ispaniyalik G. S. Xili va amerikalik K. Makfarlandlarning tasniflari ancha mukammal boʻlsada, ularning birinchisi — etnolingvistik, ikkinchisi geolingvistik xususiyatga ega.

Filippin tillari fonetik tizimida oʻrtacha 5 unli va 16 undosh tovush, jumladan, portlovchi boʻgʻiz undoshi mavjud; asosan ochiq boʻgʻin uchraydi. Bosh urgʻu oxirgi yoki undan oldingi boʻgʻinga tushadi. Morfologik jihatdan Filippin tillari agglyutinativ tillarga mansub. Affikslar, asosan, koʻp maʼnoli boʻlib, ularning soni bir necha yuzga yetadi. Ikki boʻgʻinli oʻzak morfemalar va bir oʻzakli affiksal morfemalar koʻpchilikni tashkil etadi. Gapdagi soʻz tartibi uncha barqaror emas, lekin kesimning ran boshida kelishi ustunlik qiladi. Soʻz yasalishida affiksatsiya, soʻz takrori, soʻz qoʻshish hamda urgʻuning oʻrin oʻzgartirishi kabi usullar qoʻllanadi. Leksikada asl avstronez, indonez qatlamidan tashqari oʻzlashma soʻzlar ham (mas, tagal tilida sanskrit, xitoy, arab, ispan, ingliz tillaridan kirgan soʻzlar) anchagina.

Filippin tillari Ispaniya istilosigacha qad. hind yozuvi brahmi asosida yaratilgan boʻgʻinli yozuvdan foydalangan (unlilar uchun 3 ta, undoshlar uchun 14 ta belgiharf boʻlib, boshqa tovushlar diakritik va boshqa belgilar bilan ifodalangan), 17-asrdan bu yozuv ispanlashgan lotin grafikasi bilan almashtirilgan. Mindanao va Sudu orollaridagi musulmon aholi arab yozuvidan ham foydalanadi. 20-asrning 80-yillarida Filippin tillari dan faqat 14—15 tasigina oʻz yozuviga ega boʻlgan edi, qolganlari yozuvga ega emas.