Filipp Yupatov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Filipp Afanasyevich Yupatov (1873—1958) — sirk arbobi, antreprenyor. Sirkning turli janrlari (havo gimnasti, chavandoz, raqqos, kloun, hayvon oʻrgatuvchi va boshqalar)da ijod qilgan. 1906 yildan Turkistonda yashagan. Toshkent, Andijon, Buxoro, Samarqand va boshqalar shaharlarda sirklari boʻlgan. Yupatov sirklari Turkistonda mashhur boʻlib, dasturlari xilmaxilligi bilan ajralib turgan va katta shuhrat qozongan. Yupatov sirklarida yevropa va Rosssiyadan kelgan artistlar bilan birga oʻzbek artistlari ham tomosha koʻrsatishgan. Benefislar uyushtirilgan, "kulgi va quvnoqlik kechalari", fransuz kurashi boʻyicha musobaqalar, tarixiy va sarguzasht mavzulardagi pantomimalar qoʻyilgan. Oʻzbek tilini puxta bilgan Yupatov Yusufjon qiziq bilan hamkorlikda tomoshalar koʻrsatgan. Yu. 1915 yil Toshkentdagi Voskresenye bozori (hoz. Navoiy teatri maydoni)da yogʻochdan ishlangan statsionar sirk binosini qurdi (1966 yil zilzilasiga qadar sirk tomoshalari shu binoda koʻrsatilgan). Oʻzi rahbarlik qilgan sirk dasturlarida ot oʻrgatuvchi va kloun sifatida manejga chiqqan. Repertuarini oʻzbek tilida ijro etgan. Professional oʻzbek sirki shakllanishida Yu. muhim rol oʻynagan. 1920 yildan davlat sirklarida ishlab keldi. Qizi Yelena Yupatova (1894 — ?) — raqqosa, chavandoz. 7 yoshidan otasi rahbarligidagi sirk dasturlarida qatnashgan. Oʻzbekcha, ruscha qoʻshiq va raqslari olqishga sazovor boʻlgan. Manejga "Mayramxon" taxallusi bilan chiqib, shuhrat qozongan. "Ravot qashqirlari" va "UayldVestlik chavandoz" filmlarida suratga tushgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Yupatov Filipp Afanasyevich" OʻzME. Yu-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil