Fenokopiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fenokopiya (yun. phaino — boʻlaman, topaman va lot. copia — koʻp) — fenotipning irsiy boʻlmagan oʻzgarishi (modifikatsiya). Genotipning muayyan oʻzgarishi (mutatsiya)ga oʻxshab ketadi, lekin irsiylanmasligi bilan undan farq qiladi. "F." terminini nemis genetigi R. Goldshmidt taklif etgan (1935). F. — fizik yoki kimyoviy omillarning rivojlanayotgan organizmga taʼsiri natijasi. Mas, talidomid preparatini qabul qilgan homilador ayollardan koʻpincha mutant allellar paydo qiladigan fekomeliya (qoʻllari bargsimon qisqargan) chaqaloqlar tugʻilgan. Ontogenezning muayyan davrlarida F. koʻproq namoyon boʻladi. Muayyan omil rivojlanishning turli davrlarida har xil F.; har xil omillar ontogenezning bir davrida bir xil F. paydo qilishi mumkin. Mas, rivojlanishning dastlabki davrlarida tovuq embrioni sariqlik xaltasiga insulin inʼyeksiya qilinganida dumsiz joʻjalar, lekin shu gormon keyinroq kiritilganda ustki tumshugʻi kalta joʻjalar rivojlanib chiqadi. Bu ikki xil nuqson genetik mutatsiya tariqasida ham maʼlum. F. sababi muayyan omil taʼsirida genotip oʻzgarmasdan ontogenezda sodir boʻladigan jarayonlarning buzilishidan iborat. F. olish mumkinligi ontogenez jarayonlarining diskretligini va muayyan genlar taʼsirining "kritik davrlari" boʻlishini koʻrsatadi. Bu holat ontogenezda F.da genetik axborotning yuzaga chiqishini oʻrganishda foydalanishga imkon beradi.