Faxriddin Roziy maqbarasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Faxriddin roziy maqbarasi — Koʻhna Urganchdagi meʼmoriy yodgorlik (12-asr 2yarmi); Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hududida. Xorazm shoxlari Otsiz (1128—56) va El Arslon (1156—72) davrida qurilgan deb taxmin qilinadi. Mahalliy aholi olim Faxriddin Roziy nomi bilan bogʻlaydi. Binoning asosiy qismi kubsimon shaklda (ichki oʻlchami 3,5x3,6 m, quyi qismi pastga tomon bir oz kengaygan), 12 qirrali poygumbaz ustiga 12 qirrali kulohiy gumbaz bogʻlangan. Uch tomonida tobadonli eshik joylashgan. Old tomoni silliklangan gishtlar bilan 3 ta ravoqli toʻrtburchaklarga boʻlingan, yuzasi barg va novdalarning nozik uygʻunligidagi oʻyma naqshlar bilan jozibador bezatilgan, toʻrtburchaklar oʻzaro yozuvli hoshiya naqsh bilan birlashgan. Tashqi gumbaziga feruza rang gʻishtlar mavj usulida terilib xandasiy naqshlar hosil qilingan; tashqi gumbazidan ancha past boʻlgan ichki gumbaziga muqarnaslar ishlangan.