Farosat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Farosat bu – voqea va hodisalar mohiyatini anglash omilining eng yuqori va amalda isbotlanuvchi darajasidir. Farosat orqali boshqa odamlardagi quvonch va qaygʻuni kichik bir ishoradan payqay olish, tashqi qiyofasi, xatti-harakatlari, oʻzini tutishi, yuz mimikasidan ruhiyatidagi oʻzgarishlarni toʻgʻri anglay bilish mumkin. Shuningdek, u shaxsning maʼnaviy, ijtimoiy-intellektual taraqqiy etganlik darajasi, insonning oʻzidagi hayotiy ehtiyojlarini qondirish koʻlamini aniq belgilay olish mezoni va hayotda yashash hamda faoliyat yuritish sifatining eng muhim koʻrsatkichi oʻlaroq namoyon boʻladi.

Maʼnolari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Husayn Voiz Koshifiyning yozishicha, farosat soʻzining lugʻaviy maʼnosi biror narsaning yaxshi va yomon xususiyatlarini koʻrib aniqlashdir. Soʻzning istilohiy maʼnosi esa biror-bir narsaning tashqi jihatlari yoki inson ruhiyati va tanasidagi oʻzgarishlari, alomatlariga qarab mushohada qilish asosida uning ichki mohiyatidan ogoh boʻlishdir.

Tarkibiy qismlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Farosatning tarkibiy qismlari bo‘lgan samarali anglash holati, ongli yondashuv, aql bilan ish tutish kabilar mazmunan bir-biriga yaqin ma'nolarni ifodalaydi. Zero, inson turli narsalar hamda voqealarning mohiyatiga yetib borgan taqdirdagina anglash holatini boshdan kechiradi. Anglash esa insonni maqsadli harakatga undaydi. Anglangan narsalargina hayotiy ehtiyojga aylanadi. Ana shuning uchun ham voqelikni farosat orqali anglashgacha bo‘lgan jarayonni fikr, g‘oya, maqsad, reja, amaliyot bosqichlari tarzida tasniflab o‘rganish maqsadga muvofiqdir.

Turi va shakli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Farosatning turi va shakli turlicha bo‘lib, bir sohadagi fahmu farosatga ega insonlar boshqa sohalarda yetarli darajada farosatli bo‘la olmasliklari ko‘p kuzatilgan. Bunday boʻlishiga, ya'ni boshqa sohalarda ham odamning oʻz sohasidagi kabi barobar farosatli ish tuta olmasligining asosiy sababi uning yangi kirishgan sohalariga xos boʻlgan zarur bilim va tajribalarning yetarli emasligi bilan izohlanadi.

Rivojlantirish omillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Farosatni rivojlantirishning uch manbasi bor:

  1. Aql – odamning har bir narsa-voqeaga munosabat bildirishda adekvat yondasha olish, har bir ishni meʼyorida bajara olish salohiyatini shakllantirish.
  2. Iymon-eʼtiqodda mustahkamlik, toʻgʻri tarbiya olganlik, odoblilik, soʻrashdan tortinmaslik, sinchkovlik, diqqat-eʼtiborli boʻlish.
  3. Chuqur bilimga va yuksak darajadagi kasbiy mahoratga, har bir narsani boshqa holat va faktlar bilan qiyoslab xulosa chiqara olish salohiyatiga, katta hayotiy va kasbiy tajribaga ega boʻlish.[1]

Hikmatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Ali ibn Sino farosatning ijtimoiy ahamiyati xususida shunday taʼrif beradi: "Farosat deb sezgidan keladigan ishoraning asl maʼnosiga tezda yetishmoqqa aytiladi"[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mansur Bekmurodov, "Farosat ilmi" o‘quv qo‘llanma, T: G‘afur G‘ulom, 2022. 20-bet. 
  2. Abu Ali ibn Sino, "Men anglagan dunyo", T: SHarq, 2012. 219-bet.