Farjak madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Farjak madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Holati Saqlanib qolmagan

Farjak madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Buxorodagi eng koʻhna madrasalardan biri boʻlib, milodiy 937-yil may-iyun oyida yonib ketgan. Mazkur madrasa toʻgʻrisida Abu Bakr Muhammad an-Narshaxiy shunday maʼlumot berib oʻtgan: „Yana Amiri Saʼid Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil davrida uch yuz yigirma beshinchi yil rajab oyida (937-yil may-iyun) Buxoroga oʻt tushib hamma bozorlar yondi. Oʻt bir halimpazning doʻkonidan boshlangan. Doʻkon Samarqand darvozasida joylashgan boʻlib, halimpaz halim qozoni tagidagi kulni tomga olib chiqib, tomda chuqurlik boʻlgan ekan, uni toʻlgʻazmoqchi boʻlgan. Kul orasida bir boʻlak choʻgʻ bor ekan. Halimpaz buni sezmagan va shamol choʻgʻni olib borib qamishdan yasalgan bir uyga urgan. U uyni oʻt olib, undan hamma bozorga oʻt ketgan. Olov osmonda bulutdek suzib yurgan. „Koʻyi bikor“ (Qizlar koʻchasi), bozorning timchalari, Farjak madrasasi, kovushdoʻzlar timi, sarroflar va bazzozlar bozori, Buxoroning shu tarafidagi anhor labigacha boʻlgan hamma narsa kuygan“[1]. Madrasa keyinchalik qayta taʼmirlangan. XII asr muallifi Abdukarim as-Sam’oniy madrasani Farjak darvozasi oldida deb yozgan. Farjak va Samarqand bitta darvozaning ikkita nomi boʻlgan. XIII asrda yashagan Ibn al-Avfiy „Javomi’ al-hikoya“ asarida Farjak madrasasida mudarris Mas’ud Immomzodan bilim olganligini yozgan. Madrasa moʻgʻullar davrida ham faoliyat yuritgan. Farjak hozirgi kunga qadar Buxoroning eng qadimiy va ilk madrasalaridan biri. Ayrim tadqiqotchilar fikriga koʻra ushbu madrasa musulmon olamidagi dastlabki madrasa boʻlgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. Toshkent: Fan, 1966 — 120 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet.