Exolot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Exolot (exo va lot) — gidroakustik signallar (akssado) yordamida suv chuqurligini oʻlchash uchun moʻljallangan navigatsiya asbobi. Ishi kemaga oʻrnatilgan ultratovush (UT) ni uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilma (vibrator) dan uzatilgan tovush signallari suv tubiga borib, qaytib kelguncha oʻtgan vaqtni oʻlchashga asoslangan. Maxsus elektr generator vibratorga dambadam elektr impulslarini yuborib turadi, vibrator ularni akustik tebranishlar (tovush)ga aylantirib uzatadi. Suv tubidan qaytgan akustik tebranishlarni oʻsha vibratorning oʻzi qabul qilib, ularni elektr impulslariga oʻzgartiradi. Kuchaygan impulslar chuqurlik indikatoriga kelib tushadi. Bu indikator impulslarning borib kelishi uchun ketgan vaqgni aniqlaydi. Bu qiymatni maxsus formulaga qoʻyib, suvning chuqurligi topiladi. E.lardan suv chuqurligini oʻlchashdan tashqari baliq toʻdalarini topish, suv osti kemalarining oʻrnini aniqlash, tovush tarqatuvchi qatlamlarni tadqiq qilish, suv osti tuprogʻining turini aniqlash va boshqalar gidroakustik oʻlchashlar uchun ham foydalaniladi.