Etyud

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Etyud (frans. — aynan mashq, oʻrganish) — 1) tasviriy sanʼa tda borliq (natura)dan uni oʻrganish maqsadida yaratilgan asar. Ijodkor badiiy asar (rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika) yaratish jarayonida E.dan yordamchi manba sifatida foydalanadi. Tugal asar E. majmuasi sifatida oʻzini namoyon qiladi. Realistik tasviriy sanʼat asarlarini yaratish E.dan kartinaga oʻtish jarayonida amalga oshadi. 19-asr oʻrtalaridan E.ga munosabat oʻzgardi, E.ni badiiy qiymatga ega boʻlgan asar darajasiga qoʻtarish, ijodkorning gʻoyaviy estetik qarashlarini ifodalashga intilish quchaydi. Yirik ijodkorlarning E.lari koʻpincha badiiy qiymatga va mustaqil ahamiyatga ega; 2) musiqada — cholgʻu ijrochiligining muayyan texnik usulini qoʻllashga asoslangan va sozandaning malakasini oshirishga moʻljallangan pyesa. 19-asrda musiqa cholgʻoʻlari takomillashuvi hamda virtuoz ijrochiligining yuksalishi natijasida rivoj topdi (fortepiano uchun I.Kramer, M.Klementi, K.Cherni, skripka uchun R.Kreyser, P.Rode, violonchel uchun D.Popper E.lari va boshqalar). Musiqiy romantizm vakillari (N.Paganini, F.List, F.Shopen, A.Skryabin, S.Raxmaninov va boshqalar) ijodida E. yuksak badiiy konsert asari darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekiston kompozitorlaridan G.Mushel, B.Giyenko, Sayfi Jalil (fortepiano uchun), T.Qurbonov (organ uchun) va boshqalar E. yaratgan; 3) teatr pedagogikasida aktyorlik mahoratini rivojlantirish va mukammallashtirishga xizmat qiladigan mashq. Oʻqituvchi oldindan ishlab chiqqan yoki badiha yoʻsinida yaratgan turli sahna harakatlaridan tashkil topadi.