Eskimos tili

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eskimos tili — paleoosiyo tillarining eskimosaleut guruhiga mansub til; Rossiya Federatsiyasida Chukot muxtor okrugida va Magadan viloyatining jan.sharqida, AQShda Alyaska yarim oroli va unga yaqin orollarda, Kanada va Grenlandiyaning shim. hududlarida tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 115 ming (AQShda — 38 ming, Kanadada — 28 ming, Grenlandiyada — 47 ming, Rossiya Federatsiyasida — 1,5 ming) kishidan iborat. Eskimos tili Grenlandiyada orol muxtoriyatining tili, qolgan mamlakatlarda esa oddiy soʻzlashuv tili hisoblanadi. Bir qancha belgilariga qoʻra oʻz qarindoshi — aleut tilidan keskin farq qiladi. Umuman Eskimos tilida 2 ta — yuit va inuit lahjalari, Rossiya Federatsiyasidagi Eskimos tilida 3 ta — chaplin, naukan, sirenik lahjalari ajratiladi. Koʻp asrlar mobaynida eskimoslarning maʼlum hududlar doirasidagina ajralib yashashi tufayli Eskimos tilining bir qator lahjalari mustaqil til belgilariga ega boʻlgan.

Eskimos yozuvi birinchi marta Grenlandiyada 19-asr oʻrtalarida (lotin grafikasi asosida), Rossiya Federatsiyasida 20-asrning 30-yillarida (1932—37 yillarda lotin grafikasi, 1937-yildan rus grafikasi asosida), AQSH va Kanadada 20-asrning 70-yillarida (lotin grafikasi asosida) shakllangan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Eskimos tili" OʻzME. E-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil