Eshitish analizatorlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Eshitish analizatorlari, eshitish sistemasi — tovush tebranishlarini eshitish organlari orqali sezib, tahlil qiladigan mexanik retseptorlar va nerv tuzilmalari majmui. Eshitish analizatorlarining tuzilishi, ayniqsa, uning periferik qismi odamda va hayvonlarda farq qiladi. Eshitish analizatorlari hasharotlarda timpanal organ, suyakli baliqlarda suzgich pufagi hisoblanadi. Suzgich pufagining tebranishi veberov apparatiga, undan ichki quloqqa oʻtadi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va qushlarning ichki qulogʻida qoʻshimcha retseptor hujayralar (bazilyar membranalar — papillalar) rivojlanadi. Yuksak umurtqalilar, jumladan, koʻpchilik sut emizuvchilarda Eshitish analizatorlari tashqi, oʻrta va ichki quloq, shuningdek, eshitish nervi hamda ketmaket tutashgan nerv markazlaridan iborat. Eshitish analizatorlari markaziy boʻlimining rivojlanishi ekologik omillar va Eshitish analizatorlarining hayvonlar xattiharakatidagi ahamiyati bilan bogʻliq. Eshitish nervi tolalari chigʻanoqdan nerv markazlaridan biri — koxlyar yadrolariga boradi; chap va oʻng koxlyardan chiqadigan nerv tolalari Eshitish analizatorlarining ikki yoni boʻylab simmetrik joylashgan boʻlib, yuqori olivaga kelib tutashadi. Tovush tebranishlarini aniqlashda chigʻanoq toʻsigʻi asosiy ahamiyatga ega. Bu toʻsiq tovushni mexanik spektral analiz qiladigan, chigʻanoq toʻsigʻi boʻylab qator joylashgan filtrlasheshitish retseptorlaridan iborat. Retseptorlar 0,1 dan 10 nm diapazondagi tebranishlarni qabul qiladi. Eshitish analizatorlari markaziy boʻlimida joylashgan neyronlar muayyan tovush tebranishlariga sezgir. Eshitish analizatorlarining nerv elementlari tovush tebranishlari bilan birga tovush kuchi, davomiyligi va boshqalar xususiyatlariga ham taʼsirchan. Markaziy nerv sistemasi va, ayniqsa, uning yuqori qismi neyronlari tovushning murakkab belgilari (mas, tovush amplituda modulyatsiyasi chastotasi, yoʻnalishi va harakati)ga sezgir boʻladi.