Eshakemi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eshakemi, urtikariya — teriga, baʼzan shilliq qavatlarga toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallik. Organizmning allergik reaksiyasi (qarang Allergiya), ayrim ovqatlar (tuxum, shokolad, qulupnay, mandarin) va dorilar (antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar, xinin va boshqalar)ga nisbatan sezuvchanlikning ortishi, hasharotlar (ari, chayon) chaqishi, gul hidlash yoki biror oʻsimlik (qichitqi oʻt) tegib ketishi tufayli vujudga keladi. Bir necha soatdan keyin E. batamom yoʻqoladi, baʼzan qaytalanib turadi. E.ning botbot qoʻziydigan surunkali shakli oylab choʻziladi; bu, odatda, organizmda moddalar almashinuvi va meʼdaichak faoliyatining buzilishi, jigar, buyrak kasalliklari; gijja kasalligi va sekin kechadigan oʻchoqli infeksiyalar: murtak bezi, burunning yondosh boʻshliqlari va quloqning yalligʻlanishi (tonzillit, gaymorit, otit) bilan bogʻliq. Kishilarning issiq yoki sovuqqa nisbatan sezuvchanligining ortishi ham surunkali E.ga sabab boʻladi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi: badanga shakli har xil, kattakichik, och qizgʻimtir qavariqlar toshib, qattiq qichishadi; teridan boʻrtib chiqib turadi; ular tezda kattalashib, bir-biriga tutashib ketadi; palaxsapalaxsa boʻlib chiqqan toshmaning oʻrtasi oqaradi; bemor lohaslanadi, temperaturasi koʻtariladi. Baʼzan teridagi E. toshmalari juda yirik boʻlib (yirik E. yoki Kvinke shishi), bunda yumshoq tanglay, halqum va ichki aʼzolarning shilliq qavatlari ham shishishi mumkin. E.ning bu shakli ogʻirroq kechadi. Davo vrach koʻrsatmasiga binoan olib boriladi. Sutoʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar (tuz va qand miqdori kam) buyuriladi; allergik reaksiya beradigan tuxum, shokolad, limon, shuningdek, qazi, kolbasa, spirtli ichimliklar va achchiq ovqatlar isteʼmol qilmaslik; ichaklarning normal yurib turishini taʼminlash lozim. E.ning oldini olishda eng asosiysi odam oʻziga yoqadigan yoki yoqmaydigan ovqat hamda dorilarni ajrata bilishi va yoqmaydiganini isteʼmol qilmasligi zarur. Albatta birinchi belgilardayoq shifokorga murojat qilish kerak.