Eron akademiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eron akademiyasi — (forscha: فرهنگستان ایران Farhangestân-e Irân) 1936-yil Eronda hukumronlik qilgan Rizoshoh Pahlaviy tomonidan tashkil qilingan. Uning maqsadi — fors tili leksikasi tarkibidan arab va boshqa tillardan kirib qolgan oʻzmalashlarni chiqarib tashlash, oʻrniga fors tili imkoniyati doirasida ekvivalent keltirish hamda tilning sofligini saqlab qolish boʻlgan. Bu tashkilot 1641-yilgacha oʻz faoliyatini davom ettirgan boʻlib, uning asosiy yoʻnalishi — mamlakatda eroniylashtirish siyosatini olib borish, fors tiliga begona boʻlgan soʻzlarni til tarkibidan siqib chiqarish va fors tilining mavqeini koʻtarishdan iborat boʻlgan[1].

Ish tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akademiya qoshida 8 guruhga ajralgan holda komissiya shtabi ish boshladi. Terminlarni yaratish boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqildi. Ularni eʼlon qilishdan avval komissiyalar tomonidan tasdiqlangan va Rizoshoh Pahlaviy tasdigʻi uchun yuborilgan. Bundan tashqari, kuchli til siyosati natijasida geografik joy nomlari, kishilar ism va familiyasi, barcha forsiy boʻlmagan soʻzlar forsiylashtirildi.

Taklif qilingan terminlar ommaviy axborot vositalari — gazeta va jurnallar, doʻkonlar, umumiy ovqatlanish va jamoat joylarida qoʻllanishi nazorat qilingan. Vaziyat shu darajaga borib yettiki, taklif qilingan terminlar juda qisqa fursatda tilda muqim joy egalladi, lekin 1941-yil Akademiyaning faoliyati toʻxtatildi.

Keyingi akademiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Keyinchalik, terminologiya sohasidagi mavjud muammolarni hal qilish, chet tilidan oʻzlashgan neologizim va terminlarni tartibga keltirish maqsadida 1968-yilda ikkinchi Akademiya oʻz ishini boshladi. Ammo koʻzlangan maqsadga erishilmadi. Mazkur akademiya 1979-yilgacha, yaʼni Islom inqilobigacha faoliyat yuritdi.

Fors tili va adabiyoti akademiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yil „Fors tili va adabiyoti akademiyasi“ tashkil etildi. Bu Akademiya hozirgi kunga qadar barcha sohalarga birdek oʻzlashmalarga forsiy ekvivalent taklif qilish bilan shugʻullanmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mirzaxmedova, Xulkar. Fors tilida termin yasalishining nazariy va emperik asoslari, Monografiya, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining kichik bosmaxonasi, 2020 — 240 bet.