Erkaqori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Erkaqori, Karimov Erkaqori (1877.17.12, Dangʻara tumani Tumor qishlogʻi — 1954.12.3, Qoʻqon) — ashulachi, askiyachi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1944). Katta ashula sanʼatining yirik vakillaridan; shirali, jarangdor ovoz sohibi. Bolaligida kasallik oqibatida koʻzi ojiz boʻlib qolgan. Qoʻqon madrasasida tahsil koʻrgan. Yoshligidan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlar bilan ijodiy aloqada boʻlib, oʻzi ham sheʼrlar yozgan. Navoiy, Amiriy, Muqimiy, Kamiy, Haziniy, Charxiy va boshqalarning gʻazallariga moslab katta ashulalar ijro etgan. Shuningdek, E. repertuaridan mumtoz va zamonaviy ashulalar, maqom yoʻllari, mas, "Davo qilasiz" (Kamiy gʻazali), "Chapandozi Gulyor" (Haziniy), "Yangi bogʻ", "Unutmanglar", "Zamondandir" (Charxiy), "Qoʻqon Ushshogʻi", "Chortoq" va boshqalar oʻrin olgan. Chustiy, Xastadil, Firoqiy singari shoirlar E. ijodidan ilhomlanib ashulabop sheʼrlar yaratishgan.

E. Moskvada boʻlgan Oʻzbek sanʼati dekadasi qatnashchisi (1937). Katta Fargʻona kanali quruvchilari va Ikkinchi jahon urushi yillarida jangchilar va mehnatkashlarga oʻzining ruhlantiruvchi qoʻshiq va ashulalari bilan madaniy xizmat koʻrsatgan. Oʻz davrining usta askiyachilaridan biri sifatida mashhur boʻlgan. Sherqoʻzi Boyqoʻziyev, Ergash Haydarov, Rasulqori Mamadaliyev, Mehmontoʻra Toʻychiyev va boshqalar E.ning shogird va hamnafaslari edi.

Ad:. Oʻzbekiston xalq sozandalari, 2-kitob, T., 1974.