Entomologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Entomologiya (lot. — hasharotlar va ...logiya) — hasharotlar toʻgʻrisidagi fan. Hasharotlarning tuzilishi, hayot kechirishi, ularning individual va tarixiy rivojlanishi, xilmaxilligi, yer yuzida tarqalishi, yashash muhiti bilan munosabatlari va boshqalarni oʻrganadi. Vazifasiga binoan, nazariy, yaʼni umumiy E. va amaliy E. farq qilinadi. Umumiy E. hasharotlar morfologiyasi, embriologiyasi, fiziologiyasi, biokimyosi, etologiyasi, entomogeografiyasi, paleontologiyasi, sistematikasi va boshqalar fanlarga ajratiladi. Bu fanlarni oʻrganish obʼyektiga binoan, yanada kichikroq boʻlimlarga ajratish mumkin. Mas, sistematika tarkibida koleopterologiya — qattiq qanotlilarni, lepidopterologiya — kapalaklarni, mirmikologiya — chumolilarni oʻrganadi.

Amaliy E.ning oʻrganish obʼyekti — qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari va mahsulotlari zararkunandalari, odam, hayvonlar va oʻsimliklarning parazitlari hamda xalq xoʻjaligida va tabiatda foydali ahamiyatga ega boʻlgan hasharotlar. Amaliy E. ham oʻz vazifasiga binoan, oʻrmon zararkunandalari (oʻrmon E.si), qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalari (qishloq xoʻjaligi E.si), xonaki va yovvoyi hayvonlarda parazitlik qiluvchi hasharotlar (veterinariya E.si), odamda parazitlik qiluvchi (tibbiyot E.si) hamda odam foydalanadigan mahsulot beradigan tut va dub ipak qurti (ipakchilik), asalarni (asalarichilik) oʻrganadigan fanlarga ajratiladi.

E. fani faqat 17-asrda gollandiya olimi Ya. Svammerdamning asalari anatomiyasi va rivojlanishi (1669), italiya olimlari M. Malpigining ipak qurti anatomiyasi va rivojlanishi (1686) va F. Buonannining hasharotlar ogʻiz organlarining tuzilishi, nemis olimi I. Gedartning hasharotlar metamorfozi toʻgʻrisidagi ishlari asosida shakllandi. Shved olimi K. Linney hasharotlarning zamonaviy sistematikasiga asos soldi. U hasharotlarning 1936 turiga tavsif berib, qanotlarining tuzilishi asosida ularni 9 turkumga ajratadi va binar nomenklaturani asoslab beradi. 19-asrda ingliz entomologlari U. Kyorbi, J. Uestvud va J. Lebbok yana bir necha turkumlarni tavsiflab berishdi. Franiiya entomologi P. Laterl hasharotlarning sinf hajmidagi sistematikasini taklif etdi. 1831. Ch. Darvinnit "Turlarning kelib chiqishi" (1859) asarining yuzaga kelishi bilan hasharotlar sistematikasi filogenetik asosda tuzila boshlandi. 19-asrning 2-yarmida hasharotlar anatomiyasi va metamorfozi toʻgʻrisida yirik ishlar paydo boʻladi. Rus olimlari N.P.Vagner pedogenezni (1862), A.A.Tixomirov ipak qurtida sunʼiy partenogenezni (1886), A.O.Kovalevskiy hasharotlarda murtak varaqdarini (1869—71), P. Marshal poliembrioniyani (1898) kashf etishdi.

20-asr davomida dunyo entomofaunasi boʻyicha juda katta material toʻplandi; nazariy va amaliy E. sohasida koʻplab kashfiyotlar qilindi. 20-asr oxirlariga kelib hasharotlarning 1 mln.dan ortiq turi aniqlandi; turkumlar soni 40 ga yaqinlashdi, hasharotlar sistematikasi qayta koʻrib chiqildi va takomillashtirildi. E.da yangi va ancha nozik metodlar (elektron mikroskopiya, kariosistematika) va kompyuter texnologiyasi, sistematikada sonli taksonomiya va taksonomik taxlil qoʻllanila boshlandi (amerika olimi R. Sokal, rus olimi Ye.S.Smirnov va boshqalar). Hasharotlar fiziologiyasi, nafas olishi (daniyalik olim A.Krog), ayirish (ingliz olimi V.B.Unglsuort), sezgi organlari, qutblashgan nurni qabul qilish va unda moʻljal olish (nemis olimi K. Frish) va boshqalar masalalar keng miqyosda oʻrganila boshlandi. Hasharotlar markaziy nerv sistemasining gormon ajratishi (polyak olimi S. Kopets, 1917), tullash gormonlari—ekdizonlar (A.Butenand, 1954), hasharotlar rivojlanishini boshqaruvchi yuvenil gormon (K. Uilyams, 1956) kashf qilindi.

20-asrning 2-yarmiga kelib hasharotlar ajratadigan va ular xattiharakatini boshqaradigan feromonlarning kashf etilishi (nemis olimi A. Butenand va boshqalar) hasharotlar xattiharakatini oʻrganishga qiziqishni kuchaytirdi. 20-asr oʻrtalarida asalarilar tilining kashf etilishi (nemis zoologi K. Frish) bilan etologiya E.ning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi.

Hasharotlar ekologiyasi sohasidagi dastlabki yirik tadqiqotlar amerika olimlari V.Shelford (1913) va R. Chempen (1931) nomi bilan bogʻliq. Nemis olimi G. Blunk (1922) hasharotlarning yashash muhiti bilan oʻzaro munosabatlarini oʻrganadi va ularning rivojlanishi harorat bilan bogʻliqligini koʻrsatadi. Norvegiya biologi K. Fegri (1975) hasharotlar bilan entomofil oʻsimliklar oʻrtasidagi murakkab munosabatlarni umumlashtiradi.

Amaliy E. sohasida tadqiqotlar 19va 20-asr chegarasida rivojlana boshladi. Dastlabki yirik ishlar oʻrmon, dala va poliz ekinlarining zararkunandalarini oʻrganishga bagʻishlangan edi (nemis olimlari Yu. Ratseburg , 1837—44; G. Nerdlinger, 1869; Kaltenx, 1874; rus olimi F. P. Keppen, 188184).

Tibbiyot E.ning rivojlanishi bezgak kasalligini tarqatuvchi chivinning oʻrganilishidan boshlandi (rus olimi V.Ya.Danilovskiy, 1888; italyan olimi E. Martini, 1923, 1941 va boshqalar). Tibbiyot va veterinariya E.ning rivojlanishida rus olimlari V.N.Beklemishevning bezgak chivinini oʻrganish sohasidagi ishlari, Ye.N.Pavlovskiyning transmissiv (hasharotlar va boshqalar boʻgʻimoyokdilar orqali tarqaladigan) kasalliklarning tibbiy manbaligi toʻgʻrisidagi taʼlimoti katta ahamiyatga ega boʻldi.

Oʻrta Osiyo hududida, jumladan, Oʻzbekistonda E. sohasida tadqiqotlarni rus tabiatshunos olimi A. B. Fedchenko boshlab bergan. U Olay va Zarafshon boʻylab oʻtkazgan ekspeditsiyalarida (1868—71) hasharotlarning 2000 ga yaqin kolleksiyasini toʻplagan. V.F.Oshanin (1844— 45) Amudaryo yuqori qismida tarqalgan hasharotlarni oʻrganadi. Uning "Turkiston chala qattiq qanotlilari faunasi zoogeofafiyasi" (1891) asarida 700 dan ortiq hasharotlar toʻgʻrisida maʼlumot beriladi. 1898 yilda qishloq xoʻjaligi zararkunandalarini oʻrganish maqsadida Turkiston qishloq xoʻjaligi jamiyati qoshida "Chigirtka komiteti", 1911 yilda Toshkentda Turkiston entomologik stansiyasi tashkil etilib, 1925 yilda Oʻzbekiston oʻsimliklarni himoya qilish stansiyasiga aylantiriladi. Stansiyada qishloq xoʻjaligi zararkunanda hasharotlarini oʻrganish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish boʻyicha bir qancha tadqiqotlar olib borildi (V.I. Plotnikov, V.V.Yaxontov, P.P.Arxangelskiy, V.V.Nikolskiy). 1929 yil gʻoʻza zararkunandalarini oʻrganish boʻyicha maxsus stansiya tashkil etilib, 1958 yilda uning bazasida Oʻrta Osiyo oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy tekshirish instituti ochildi.

Oʻzbekistonda tibbiyot va veterinariya E.si sohasidagi tadqiqotlar bezgak kasalligi qoʻzgʻatuvchisini oʻrganish bilan boshlandi. 1913 yilda Turkistonda odam va hayvonlar tropik kasalliklarini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan ekspeditsiya hisobotida bezgak kasalligini tarqatuvchi chivinlar toʻgʻrisida maʼlumot beriladi (V.L.Yakimov). 20-asrning 20—30- yillarida bezgak kasalligi va bezgak pashshasini oʻrganish boʻyicha keng miqyosda tadqiqotlar olib boriladi (N.I.Xodukin, L.M.Isayev); bezgakni tadqiq etuvchi bir qancha stansiyalar va Samarqand shahrida Tropik kasalliklar (hozirgi Tibbiyot parazitologiyasi) instituti tashkil etildi. 1920 yildan boshlab Turkiston davlat universiteti kafedralari qoshida entomologiya sohasidagi ishlar boshlab yuborildi (A.L.Brodskiy). Qon soʻruvchi ikki qanotlilarni oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston FA Zoologiya institutida olib borilgan ishlar ular turlari tarkibi, tarqalishi, ekologik xususiyatlari va epidemiologik ahamiyatini aniqlashga imkon berdi (E.I.Gan, M.K. Qodirova).

E. sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar tufayli hozir gʻoʻza va boshqalar qishloq xoʻjaligi ekinlari hamda ombor zararkunandalari toʻgʻrisida katta maʼlumotlar yigʻildi (V.V.Yaxontov, A. G. Davletshina), kuzgi va gʻoʻza tunlamining tez koʻpayib ketishini prognoz qilish metodlari ishlab chiqildi (K.I.Larchenko, F.M.Uspenskiy, F.N.Stepanov, S.A.Juravskaya, A. Sh.Hamroyev va boshqalar); gʻoʻza maysalari va ildizida zararkunandalik qiluvchi hasharotlar (R.O. Olimjonov), qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxiralari (SM.

Alimuhamedov), bogʻ va oʻrmon zararkunandalari (X.T.Nevskiy, M.I.Kosobutskiy, I.K. Maxnovskiy) oʻrganildi.

Hozirgi davrda E. sohasida asosiy zʼtibor hasharotlarning xilmaxilligi, ularning noyob va yoʻqolib borayotgan turlarini oʻrganish, zararkunanda hasharotlar (jumladan termitlar)ga qarshi kurashning atrof muhitga kam ziyon yetkazadigan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu maqsadda har xil biologik faol preparatlar, jumladan, attraktantlar, feromonlar va jinsiy gormonlardan foydalanish metodlari ishlab chiqilmoqda. Oʻzbekistonda E. sohasida tadqiqotlar Oʻzbekiston FA Zoologiya instituti, Oʻsimliklarni himoya qilish instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik instituti, Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi ilmiyishlab chiqarish markazi, Respublika karantin lab.si, Veterinariya instituti hamda deyarli barcha oliy oʻquv yurtlari kafedralaritsa olib boriladi.

Adabiyot[tahrir]

  • Bey-Biyenko G.Ya., Obshaya entomologiya, 2 izd., I., 1971; Nasekomme Uzbekistana, T., 1993; Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998.

Jaloliddin Azimov, Ochil Mavlonov.