Endokrinologiya instituti
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Endokrinologiya ilmiy-tadqiqot instituti — ilmiy tekshirish muassasasi. 1957-yil Oʻlka tibbiyoti ilmiy tekshirish instituti nomi bilan Toshkentda tashkil etilgan. 1989-yildan hozirgi nomda faoliyat yuritmoqda. Endokrin bez kasalliklarini eksperimental va klinik usullar yordamida oʻrganadi va davolaydi. Institutning asosiy ilmiy yoʻnalishi Oʻzbekistonda yod yetishmovchiligi holatini bartaraf etish, qandli diabet kasalligi, uni oldini olish va davolash, asoratlarini bartaraf etishning samarali usullarini ishlab chiqish, bolalar va oʻsmirlarda kuzatiladigan endokrin xastaliklarni oʻrganish va amaliyotga tadbiq etish (pakanalik, qandli diabet, buyrak usti bezi va jinsiy bezlar), gipofiz, birlamchi gipo va giperparatireoz, qalqonsimon bez xastaliklari, jinsiy rivojlanishdan orqada qolishning zamonaviy diagnostikasi, shuningdek, respublikada endokrinologik xizmatni tashkil qilish masalalari va shu kabilarga oid vazifalar sanalgan.
Institutda 6 ta ilmiy laboratoriya, tashkiliy-uslubiy boʻlim, kutubxona, vivariy va 246 oʻringa moʻljallangan klinika faoliyat yuritadi. Klinikada 12 boʻlim, maslahat poliklinikasi, biokimyoviy laboratoriya, funksional diagnostika, yadro tibbiyot boʻlimi, dorixona, rentgen, ultratovush tashxisi, gastroduodenoskopiya va stomatologiya xonalari mavjud.
Institutning jarrohlik boʻlimida yiliga 700 ga yaqin (qalqonsimon bez, qalqonoldi bezlari, buyrak usti bezi, meʼda osti bezi va jinsiy bez xastaliklari) operatsiya qilinadi.
Institut faoliyati A. A. Asqarov, Yo. X.Toʻraqulov, R.QIslombekov, E.Gʻ. Qayumov, N. S. Kelginbayev, N. R. Rahimov, S. A. Maʼsumov, Sh. Sh. Ilyosov va S. I. Ismoilov kabi olimlar nomi bilan bogʻliq.
Endokrinologiya institutida Toshkent tibbiyot pediatriya institutining Bolalar endokrinologiyasi (rahbar professor S. I. Ismoilov) va Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Endokrinologiya kafedralari mavjud boʻlib, ular respublikaning boshqa tibbiyot institutlari kafedralari (1 va 2 Toshkent tibbiyot akademiyasi, shuningdek, Andijon, Buxoro, Samarqand davlat tibbiyot institutlari) bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi.
Institutlarda doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengashlar mavjud[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |