Elevator

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Elevator (lot. — koʻtaruvchi) — 1) yuklarni tik (vertikal) yoki qiya yoʻnalishda koʻtarish (yoki surish) uchun moʻljallangan uzluksiz harakatlanuvchi qurilma; konveyer. Choʻmichli, kurakli va kajavali turlari boʻladi. Choʻmichli E. tik yoki qiya (60° dan katta burchakli) yoʻnalishlarda sochma yuklar (dondun va boshqalar)ni, kurakli va kajavali E.lar (rasmga q.) tik yoʻnalishda donabay yuklar (detallar, yukli qoplar, yashiklar va boshqalar) ni koʻtarish uchun moʻljallanadi. Choʻmichli E. metallurgiya, mashinasozlik, kurakli va kajavali E.lar bazalar, magazinlar, omborxonalar va boshqalar joylarda ishlatiladi; 2) binolarni isitish tizimlarida markaziy issiqlik tarmogʻidan keladigan issiq suvni mahalliy isitish tizimidan qaytadigan sovigan suv bilan aralashtirib turadigan apparat; 3) koʻp miqdordagi donlarni tortish, tozalash, quritish, saqlash va meʼyoriy (konditsion) holatga yetkazish, ortishtushirish mexanizmlari bilan jihozlangan inshoot; mexanizatsiyalashgan don ombori. Vazifasiga koʻra, don qabul qiluvchi yoki tayyorlovchi E.; ishlab chiqarish (korxona) E.lari, ortishtushirish va port E.lariga boʻlinadi. Zamonaviy yirik E.lar dasturli avtomatik boshqarish qurilmalari (kompyuterlar) va televideniye vositalari bilan taʼminlangan.