Elektron avtomat telefon stansiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elektron avtomat telefon stansiyasi (EATS) — telefon aloqasi liniyalari va kanallarini kommutatsiyalash (uzibulash) va shu kommutatsiya jarayonlarini boshqarish ishlari elektron elementlar (yarimoʻtkazgichlar, integral sxemalar, ferritlar va boshqalar) ga asoslangan qurilmalar vositayeida amalga oshiriladigan avtomat telefon st-yasi. EATS kommutatsiya qurilmalarini hosil qilish prinsiplari, asosan, kanallarni ajratish usullariga qarab belgilanadi. Bu usullar: kanallarni fazoviy, chastotaviy va vaqt boʻyicha ajratish usullari. Kanallar va liniyalarni fazoviy va vaqt boʻyicha kommutatsiyalash usulidan foydalaniladigan st-yalar kengroq qoʻllaniladi (20-asr 70-yillaridan boshlab). Fazoviy kommutatsiya usuli yarimoʻtkazgichli fazoviy ulagichlardan foydalanishga asoslanadi. Bu usul kichik va oʻrtacha sigʻimli EATS larda qoʻllanadi. Vaqt boʻyicha kommutatsiyalash usulida elektron kommutatorlar yordamida har bir kanalning impuls signallari muayyan vaqtlarda uzatiladi. Bunday EATS larda tebranishlarni impulsli modulyatsiyalash usuli qoʻllanadi (qarang Modulyatsiya). Kichik va oʻrtacha kuvvatli EATS larda amplitudaimpulsli va keng impulsli modulyatsiyalash, katta va oʻrtacha quvvatli tranzit EATS larda impulskodli modulyatsiyalash (IKM) qoʻllanadi. Ana shu IKM dan foydalanish tufayli signallarni uzatish va kommutatsiyalash jarayonlarini uygʻunlashtirish (integratsiyalash)ga hamda shu asosda integral raqamli aloqa tizimini yaratishga imkon tugʻildi. Koʻp karrali mitti (miniatyur) koordinatali uzatkichlarga asoslangan elektronmexanik avtomat st-yalar va kommutatsiya maydoni tez ishlovchi elektromagnit asboblar, boshqarish qurilmasi esa elektron asboblarga asoslangan kvazielektron ATS lar ham EATS jumlasiga kiradi.