Elektrofiziologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Elektrofiziologiya — fiziologiyaning bir boʻlimi; hujayralar, toʻqimalar, organlardagi elektr hodisalar (bioelektrik potensiallar)ni hamda elektr tokining organizmga taʼsiri mexanizmini oʻrganadi. "Hayvonlardagi elektrlanish" toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlarni 18-asrda italiyalik anatom va fiziolog L. Galvani olgan. 19-asrda nemis fiziologi E. DyubuaReymonning klassik ishlari (nerv impulsining elektr toki tabiati, biopotensiallarning molekulyar nazariyasi va boshqalar) tufayli E.ga asos solindi. E.ning bundan keyingi rivojlanishi nemis olimi Yu. Bernshteyn, rus olimlari A.F. Samoylov, N.Ye.Vvedenskiy, niderlandiyalik fiziolog V. Eyntxoven, amerikalik J. Erlanger va boshqalarning neyrofiziologiya sohasidagi tadqiqotlari bilan bogʻliq.

E.ning asosiy muammolari biologik membranalarda elektr potensiallarining hosil boʻlishi fizikkimyoviy mexanizmlarini, ularning oʻzgarishi va fiziologik jarayonlardagi ahamiyatini oʻrganishdan iborat. Tadqiqot ishlarida va klinik amaliyotda yurak — elektrokardiografiya, miya — elektroensefalografiya, koʻzning toʻr pardasi — elektroretinografiya, teri — elektrodermografiya va boshqalar organlar bioelektr potensiallarini oʻrganish usullaridan keng foydalaniladi (yana q. Neyrofiziologiya, Nerv sistemasi).