Elbrus

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elbrus (kabardincha — Oshxomaxo, bolqorcha — Mingitov) — Katta Kavkazning Yon tizma sistemasidagi eng baland togʻ massivi. Granit va kristalli slanetslardan tuzilgan baland sokolda joylashgan va, asosan, andezitdan tashkil topgan soʻngan vulkanning qoʻsh choʻqqili konusi. Gʻarbiy choʻqqining bal. — 5642 m, sharqiysi — 5621 m. Ular balandligi 5325 m boʻlgan togʻ beli bilan ajralgan. E.ning ustki qismi firn va muzliklar bilan qoplangan. Undan hamma tomonga muz parraklari radial yoʻnalishda tarqalgan. Muzliklarning (umumiy soni 50 dan ziyod) maydoni 134,5 km². Ulardan eng yiriklari Katta Azav, Irik, Terskoʻl. E. yonida, Baksan daryosining yuqori oqimida koʻchki va sellar lab.i joylashgan. E.ning sharqiy choʻqqisi ilk bor (1829 yilda) rus ekspeditsiyasining yoʻl boshlovchisi K. Xashirov (kabardin) tomonidan zabt etilgan, gʻarbiy choʻqqisiga esa F. Grove boshchiligidagi ingliz alpinistlari (yoʻl boshlovchisi bolqor A. Sottayev) chiqishgan (1874 yilda). Togʻ massivi yon bagʻrilaridan Shim. Kavkazning yirik daryolari (Kuban va Terek) boshlanadi. E.ga yondashgan hudud alpinizm va togʻ changʻi sporti, turizm markazlaridan biri.