Elastiklik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elastiklik — jismga taʼsir etuvchi kuchlar olinganda uning avvalgi geometrik oʻlchamlarini tiklash xususiyati. Jismlarning E.gi ularni tashkil qiladigan atomlar (molekulalar) ning taʼsir kuchlari (ichki kuchlar) mahsulidir. Ichki kuchlar normal va urinma kuchlarga boʻlinadi. Normal kuchlar atomlar orasidagi masofaga bogʻliq. Ular atomlarni yaqinlashtiruvchi yoki uzoqlashtiruvchi boʻladi. Urinma kuchlar atomni boshqa atomlar bilan tutashtiruvchi toʻgʻri chiziqlar orasidagi burchaklarga, jismning energiyasi atomlari orasidagi masofalarga va yuqorida aytilgan burchaklarga bogʻliq. Tashqi kuchlar taʼsir etmasa, qattiq jismlarda mutlaq nol trada atomlar muvozanat holatini egallaydi, yaʼni har bir atomga taʼsir etuvchi kuchlarning yigʻindisi nolga teng, atomning potensial energiyasi minimum qiymatda boʻladi. Tashqi kuchlar taʼsirida atomlar muvozanat holatidan chiqib, jismning potensial energiyasi ortadi (rasmga q.). Bu ortish miqdori jismning hajmi va shakli oʻzgarishi (deformatsiya) uchun tashqi kuchlar bajargan ishga teng. Tashqi kuchlar olib tashlanganidan keyin atomlari muvozanat holatidan chiqib, elastik deformatsiyalangan jismning hajmi va shakli nobarqaror boʻlib qoladi va oʻz-oʻzidan avvalgi muvozanat holatiga qayta boshlaydi (atomlar muvozanat holati atrofida tebranadi). Jismda toʻplangan ortiqcha potensial energiya tebranuvchi atomlarning kinetik energiyasiga, yaʼni issiqlikka aylanadi. Atomlar orasidagi masofa va burchaklarning oʻzgarishi ularning muvozanat holatlaridagidan kam farq qilsa, bu oʻzgarishlar atomlar orasidagi taʼsir etuvchi kuchlarga mutanosib (proporsional) boʻladi. Bu hol xuddi prujinaning qanchalik koʻp yoki kam choʻzilishi yoki siqilishi unga qoʻyilgan kuchga mutanosib ekanligiga oʻxshaydi. Shu sababli, jismni shartli ravishda prujinalar bilan atomlar toʻplami deb faraz qilish mumkin. Jismning E.ligini ifodalovchi konstanta materialning elastiklik modulini aks ettiradi. Jismning elastik deformatsiyasi unga taʼsir etuvchi kuchga bogʻliq boʻlib, elastiklik nazariyasi fanining asosi boʻlgan Guk qonunita. boʻysunadi.

Tashqi kuchlarni taʼsir ettirish va olish oʻrniga faqat trani (erish trasidan past tragacha) oʻzgartirsak ham jismning atomlari muvozanat holati atrofida kichik amplituda bilan tebrana boshlaydi, yaʼni issiqlik atomlarning kinetik energiyasiga aylanadi. Bu hol materialning elastiklik moduli oʻzgarishiga olib keladi, ammo jarayonlarning asl mohiyatiga taʼsir etmaydi.

Suyuqliklarda atomlarning issiqlikdan tebranish amplitudasi muvozanatdagi atomlar orasidagi masofalarga teng boʻladi, natijada atomlar oʻz joylarini osongina almashtiradi va issiqlikdan tebranish tezligiga qaraganda ancha kam tezlik bilan taʼsir qilayotgan urinma kuchga qarshilik koʻrsatmaydi. Shu sababli, suyukliklar va gazlar shakl E.ligi xususiyatiga ega emas.

Gaz holatidagi moddalarning atomlari yoki molekulalari orasidagi masofa ularning siqilgan (yaʼni suyultirilgan) holatidagidan ancha katta boʻladi. Gazlar (bugʻlar)ning E.ligi gaz molukulalarining gaz hajmini chegaralagan idish devoriga urilishi bilan aniqlanadi.

Jismlar va materiallarning E. xossasini bilish ularning xususiyatlarini oʻrganishda, ulardan mahsulotlar tayyorlashda, kiyimboshlar tikishda, ularni binolar va inshootlar qurishda ishlatishda juda muhim hisoblanadi.

Gʻoibnazar Hojimetov.