Ekzema

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ekzema (yun. — pufakcha, toshma), gush — terining allergik kasalligi (qarang Allergiya). Nerv va endokrin sistema faoliyatining buzilishi, organizmda surunkali infeksiya manbai boʻlishi (tonzillit, gaymorit va boshqalar), shuningdek, meʼda-ichak kasalliklari oqibatida organizm sezuvchanligining ortishi va boshqalar Ekzemaga sabab boʻladi. Ekzema oʻtkir boshlanib, keyin surunkali tus olishi va qaytalashi mumkin. Ekzemaning oddiy (vulgar), surunkali, kontaktli, mikrobli va hokazo shakllari bor. Oddiy Ekzema oʻtkir kechganda kasallik toʻsatdan boshlanadi. Dastlab teri qichishadi, qizarib, bir oz shishadi va unda tariqdek tugunchalar, poʻsti yupqa pufakchalar paydo boʻladi. Bemor qashinganda pufakchalar tez yorilib, ulardan tiniq suyuqlik chiqadi. Toshmalar suvlanishi natijasida yangi pufakchalar hosil boʻlaveradi (nam E.). Keyin suvlanish kamayadi, toshmalar usti qotib, 3—5 kundan keyin tushadi. Toshmalar oʻrni uzoq vaqt qipiqlanib, poʻst tashlab turadi. E.da baʼzan zararlangan teri suvchirab, atrofida mayda tugunchalar, pufakchalar hamda qipiqlanadigan tanGachalar vujudga keladi. Yalligʻlangan joyga infeksiya tushsa, yiringlaydi. Surunkali E.da zararlangan teri asta-sekin qalinlashib koʻkaradi, poʻst tashlaydi, qipiqlanadi. Koʻpincha (oʻtkir E.dagidan kamroq) mayda tuguncha va toshmalar ham kuzatiladi. Toshma aksari yuzda, qoʻl, oyoq barmoqlarida, boʻyin va tanosil aʼzolarida uchraydi. Bu xil E. qoʻzib, oʻtkir E.ga aylanishi, toshma butun tanaga tarqalishi ham mumkin. Kontaktli E. aksariyat terining turli omillarga taʼsirchanligidan kelib chikadi, barmoklar, bilak va yuz terisida uchraydi, dastlab toshma toshib, teri shishadi va suvsizlanadi. Mikrobli E. koʻproq yuzaki piodermiya ikkilamchi yalligʻlanib, E.ga aylanganda, oqma yara, kuygan joy va chipqon atrofida yuzaga keladi. Bu E. tizza, barmoqlar, yuz terisi va sochda kuzatiladi. Ayrim hollarda (piodermiya va boshqalar teri kasalligi bor bemorlarda) Ekzemaning bu turi qichishib, usti qipiqlanadigan kattakichik dumaloq yoki choʻzinchoqdogʻlar ekzematidlar shaklida yuzaga keladi. Toshmalar angina, gripp, oʻtkir ichak kasalliklaridan soʻng ham paydo boʻlishi mumkin. Seboreyali E. (moyli gush) koʻproq soch, yuz, boʻyin, qoʻltiq, taqim va boshqalar soha terisida boʻladi. Kasallangan terida moylangandek yaltiroq, usti qipiqli sargʻimtirqizgʻish dogʻlar hosil boʻladi. Bosh qichiydi, kepaklanadi, koʻz milklari qizarib, shishadi. Kasallik uzoq choʻziladi. Bolalar E.si ekssudativkataral diatez bilan ogʻrigan bolalarda kuzatiladi. Aksariyat chillasi chiqmagan goʻdaklarda uchrashi tufayli "chilla yara" ham deyiladi. Bolaning boshi, yuzi, koʻkragiga toshma toshib, suv ochadi, qattiq qichishadi, boshida qasmoq koʻpayib, terisi qizarib, yalligʻlanadi. Toshma sogʻ teriga ham tarqashi mumkin. Bolalar gushi, odatda, bolani notoʻgʻri ovqatlantirish natijasida kelib chiqadi. Koʻpincha Ekzema bilan ogʻrigan bemor va uning ota-onalarida ayrim ovqat mahsulotlari: baliq, tuxum, sitrus mevalar, shuningdek, uy changi, gul hidi, kir yuvish poroshogi, biror doriga nisbatan oʻta sezuvchanlik aniqlanadi; bu xildagi omillar kasallik paydo boʻlishi yoki uning botbot qoʻzib turishiga sabab boʻladi. Notoʻgʻri ovqatlanish, asabiylashish, ruhiy iztirob va boshqalar noxush omillar taʼsirida kasallik zoʻrayishi va sogʻ teriga tarqalib ketishi mumkin. E.ni vrach davolaydi. Sut, oʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar tavsiya etiladi; shoʻr, achchiq, dudlangan ovqatlar va spirtli ichimliklarni cheklash, shuningdek, uglevodlarni imkoni boricha kam isteʼmol qilish lozim. E. boʻlgan bemor vaqtincha kasallangan joyiga suv, sovun tekkizmasligi kerak. Ekzemasi bor kishilar vaqtida uxlab, vaqtida dam olishi, koʻproq sayr qilib organizmni chiniqtirishi va toʻgʻri ovqatlanishi zarur. Ekzemaning oldini olishda ovqatlanish rejimiga rioya qilish; Ekzema paydo boʻlishiga olib keladigan omillarni bartaraf etish, ichki kasalliklar boʻlsa, vaqgida davolatish ayniqsa muhim.[1][2]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. "Ekzema" OʻzME. E-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil