Ekspozitsiya (unsur)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ekspozitsiya — 1) adabiyotda badiiy adabiyotda qoʻllaniladigan unsur. Badiiy asar syujetining tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, voqealar roʻy beradigan zamon va makon, personajlar toʻgʻrisidagi muallif maʼlumotlari hisoblanadi. Bunday maʼlumotlar, odatda, badiiy asar syujetining kirish qismida voqelik tuguni, rivoji, asosiy toʻqnashuvlar hamda kulminatsion nuqtadan avval beriladi. E.da oʻquvchi asarda ishtirok etuvchi qahramonlar, ular harakat qiladigan joy, toʻqnashuvchi shaxslar va hodisalar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni oladi. Garchi E. badiiy asarda bosh konfliktni rivojlantirib, keyingi voqealarga turtki berishga jiddiy koʻmaklashmasada, koʻpincha, asosiy voqea rivojining yoʻnalishi hamda xarakterini oldindan aniqlashga xizmat qiladi.

E. kompozitsion unsurlardan biri sifatida yozuvchi maqsadiga koʻra badiiy asarning turli oʻrinlarida, har xil koʻrinishda keladi va turli nomlar bilan ataladi. Voqealar boshlanishidan oldin berilsa, toʻgʻri E. (A. Qodiriy va Oybek romanlarida), syujet tugunidan soʻng berilsa, kechiktirilgan E. (A. Qahhorning "Sinchalak" qissasi, "Qoʻshchinor chiroqlari" romani), asar oxirida berilgan maʼlumotlar esa teskari E. deb ataladi. Ayrim yirik hajmli asarlarda qahramonlar va voqelik oʻrni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar butun asarga "sochib" yuboriladi. Bular sochma E. deyiladi (L.Tolstoyning "Urush va tinchlik", U. Hoshimovning "Tushda kechgan umrlar" romanlari). Hozirgi oʻzbek nasrida E.ning sochma turi koʻproq uchramoqda. Asar janriga qarab E. ham turlicha boʻlishi mumkin; 2) musiqada — asar kompozitsiyasi (mas, sonata shakli yoki fuga)nit birinchi boʻlimi, asosiy mavzularning bayonidan iborat. Oʻzbek mumtoz musiqasining yirik shakldagi namunalarida daromad (baʼzida, miyonxat bilan birga), shuningdek, bozgoʻy (birinchi xona bilan birga) E. vazifasini bajaradi.

Yoʻldosh Solijonov.