Eksperimental psixologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Eksperimental psixologiya — psixik hodisalar va jarayonlarni ilmiy metodlar yordami bilan tadqiq qilish. Psixologiyaning fan sifatida falsafadan ajralib chiqishida eksperimental tadqiqotlar oʻtkazish asosiy rol oʻynagan. 19-asrning oʻrtalarida ilk bor sezgi, idrok yuzasidan tadqiqotlar olib borilgan. Eksperimental psixologiyaning fan sifatida ajralib chiqishiga nemis olimi V. Vundt katta hissa qoʻshgan. Ilk eksperimental tadqiqotlar oʻzini oʻzi kuzatish uslubi yordami bilan shaxsning ichki mayllari, motivlari, fikr yuritishiga bagʻishlangan. Keyinchalik tekshirishlar turli hayvonlarda oʻtkazila boshlagan. Koʻp tadqiqotlarni AQShlik T.L.Morgan, E. L. Torndayk va boshqalar olib borganlar. Eksperimental psixologiya murakkab tadqiqot (koʻp shkalali, koʻp bosqichli) metodlari, metodikalari (ishonchliligi, kafolatliligi, test yoki retest xususiyatiga egaligi)dan tashqari elektron hisoblagichlar, texnik asboblar va moslamalar, sodda yoki murakkab tuzilgan maxsus apparatlar, zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslanadi. Eksperimental psixologiya yordamida psixik funksiyalargina emas, shu bilan birga shaxs hissiyoti, emotsiyasi, individual xususiyati, diqqat, xotira, idrok singari bilish jarayonlari ham tadqiq qilinadi. Eksperimental psixologiya tadqiqotlari natijalari psixologiya sohalari nazariyasini ishlab chiqishda asos boʻlib xizmat qiladi. Olimlardan F. Galton (1822-1911), D. Kettel (18601944), E. Tolmen (1886-1959), G.Rorshax (1884-1984), A. Bine(1857-1911), P.Jane (1859-1947), J. Piaje (1896—1980) va boshqalar Eksperimental psixologiyaning rivojlanishiga muhim ulush qoʻshganlar.

Ergash Gʻoziyev. Botirov Bohodir