Ekologik joy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ekologik joy, ekomuhit - tabiatda tur yashashi mumkin boʻlgan barcha muhit omillari majmui. Ekologik joy tushunchasi, odatda, ekologik jihatdan yaqin va bitta trofik darajada turadigan turlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tadqiq qilishda qoʻllanadi. "Ekologik joy" termini amerikalik ekolog J. Grinnel (1917) tomonidan turlarning taqsimlanishini tavsif etish uchun tavsiya etilgan. Bu termin yashash joyi tushunchasiga yaqin maʼnoni anglatadi. Keyinchalik amerikalik zoolog Ch. Elton (1927) trofik bogʻlanishning muhim ahamiyatini koʻrsatish uchun Ekologik joyni turning ekologik sistemadagi holati tarzida talqin qilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida koʻpchilik tadqiqotchilar ekologik jihatdan oʻzaro yaqin va jamoa ichida oʻxshash holatni egallagan 2 turning bir xil maydonda turgʻun hayot kechira olmasligini aniqlashgan. Bu empirik axborot 2 turning oziq uchun raqobati matematik modeli (italyan matematigi V. Volterra) va rus mikrobiologi G.F. Gauzening (1986) eksprimental ishlari orqali tasdiqlandi.

Ekologik joyning zamonaviy konsepsiyasi amerikalik ekolog J. Xatchinson (1957, 1965) taklif etgan model asosida shakllandi. Bu modelga binoan Ekologik joyni koʻp kamerali maydon (giperhajm) tarzida faraz qilish mumkin: bu maydonning alohida oʻlchamlari turning normal hayot kechirishi uchun zurur boʻlgan omillarga mos keladi. Divergensiya orqali turlarning Ekologik joyida sodir boʻladigan farq ularning yashash joyi, oziq xili va bir xil yashash joyining oʻzidan har xil vaqtda foydalanishi bilan bogʻliq. Ekologik joy ning miqyosi va har xil turlar Ekologik joyini baholash metodlari ishlab chiqilgan.