Ehtiros

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ehtiros – butun vujudni qamrab oluvchi kuchli koʻtarinkilik tuygʻusi; uzluksiz, davomli, barqaror hissiy holat. E.ning namoyon boʻlishi, kechishi va kuchayishining sabablari xilmaxil. Uning negizida odamning ongli eʼtiqodi, shaxsiy gʻoyasini roʻyobga chiqarish istagi, oʻz qarashlarini amalda qaror toptirish xohishi yotadi. Joʻshqin tuygular, tabiat goʻzalligiga oshnolik hissi, sportga ishqivozlik, shahvoniy moyillik, shuningdek, qimor, giyohvandlikka berilish, diniy fanatizm E.ning omillari boʻlishi mumkin. E.ning kelib chiqishiga baʼzi ruhiy xastalik (shubhalanish, alahsirash, koʻzga allanarsalarning koʻrinishi, qoʻrquv kabilar)dagi hissiy holatlar sabab boʻladi. E. faol harakatga turtki beradi, xissiy va irodaviy xislatlarni uygunlashtiradi. Shaxsning maʼnaviy, aqliy, axloqiy, jismoniy fazilatlari qoʻshilib buyuk ishlar, yuksak jasorat, tengsiz kashfiyotga yetaklaydi. E. insonni oʻz oldiga qoʻygan maqsadini roʻyobga chiqarishga butun gʻayratini safarbar etuvchi koʻrinishga ega. Mehnat qilishga, bilim olishga intilish, jasorat, fidoyilik – ijobiy E. namunasi boʻlsa, shaxsiyatparastlik, hirsga berilish, qasoskorlik, huquqtartibotni buzishga qaratilgan harakat salbiy E.ga misol boʻladi.