Egar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Egar – 1) otulov (ot, eshak, xachir, bugʻu va boshqalar) ustiga uriladigan va minib oʻtirish hamda yuk tashish uchun moslashtirilgan qulay abzal. Odamlar hayvonlarni qoʻlga oʻrgatib, minib yuradigan davr (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi) dan maʼlum. E.ning kundalik minib yurish, sport, harbiy (safda yurish), mashq yoki poyga uchun moʻljallangan turlari farqlanadi. Bundan tashqari, har bir xalq oʻz yashash shartsharoitidan kelib chiqib oʻziga xos E. turlarini yaratgan, mas, oʻzbek, qirgʻiz, qozoq, turkman, rus va boshqalar xalqlar ishlatadigan E.lar, asosan, tuzilishi va bezagi bilan bir-biridan bir oz farq qiladi, lekin umumiy tuzilishi bir-biriga oʻxshaydi. Oʻzbekistonda ham egarchilik qadimdan rivojlangan. Shuning uchun E.ning tuzilishiga xos atamalar paydo boʻlgan: suyanchiq, oʻrindiq, doʻgʻa, qopqoq, qanot, terlik, ayl, uzangi va uzangibogʻ va boshqalar Yuk tashishga moʻljallangan E.larda yukni mahkam bogʻlash moslamalari ham boʻladi. E. pishiq yogʻoch (tol, oʻrik, behi, yongʻoq, chinor, archa va boshqalar) dan yasaladi, sadaf, suyak, temir va tasmalar bilan bezatiladi. Otulovni minganda E. ustiga yumshoq toʻshama (mas, gilamcha) tashlab olinadi. E.ningoʻrindigʻi taglik va charm qoplangan yostiqdan iborat. E.ning ikki tomoniga osiltirib yopiladigan qismi „tebengi“ deb ataladi va uzangi bandining oyoqni sidirishidan saqlab turadi. E. qoʻshimcha moslamalari (ayl, uzangi, uzangibogʻ va boshqalar) bilan birga E.jabduq deb ataladi.

E.-jabduq bilan shugʻullanish kasbi egarchilik deb ataladi. Egarchilik hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri. U asosan yirik shaharlarda rivojlangan. Milodiy 5-asrdan boshlab E. hunar darajasiga koʻtarilgan va asta-sekin takomillashtirib borilgan. Oʻzbekistonda ham egarchilik qadimiy hunarmandchilik kasbi hisoblanadi. Egarjabduq oddiy kustar usulda maxsus doʻkonlarda yasalgan. Ustalar, asosan, tesha, bolta, randa, arra, iskana va b;asbobqurollardan foydalanishgan. Oʻzbekistonda otulovning ahamiyati hozir ham kattaligi tufayli egarchilik hunarmandchilikning bir sohasi hisoblanadi. Egarchilik bilan Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida shugʻullaniladi, lekin Buxoro, Samarqand viloyatlari va Fargona vodiysida kengroq tarqalgan. Ayrim ustalar egarchilikni sanʼat darajasiga koʻtargan. E. ustiga charm qoplash, bezaklariga suyaklar qadash rasm boʻlgan. E. ustiga tashlab olinadigan xaltaxurjun charmdan tikilib, mis sim va xalqalar bilan bezatiladi; 2) turli mashinalar (velosiped, mototsikl, traktor va boshqalar) ning haydovchi oʻtiradigan joyi (oʻrindiq).