Don yetilishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Don yetilishi, don toʻlishishi — gʻalla ekinlari donining isteʼmol qilinadigan darajada pishishi. D.ye. dumbullik ,va tuda (texnik) pishish (mum kabi yumshoqroq) davrlariga boʻlinadi. Sutlanish davrida don tuda shakllangan, rangi yashil, tarkibida 50% atrofida suv boʻladi, quruq modda toʻplanishi davom etadi, barmoq bilan ezilganda ichidan sutga oʻxshash suyuqlik chiqadi. Oʻsimlikning eng pastki birinchi va ikkinchi tartib barglari sargʻaygan, qolganlari yashil rangda boʻladi. Mum pishish davrida don sal sargʻayadi. Bu davrning boshlarida donda quruq modda toʻplanishi toʻxtaydi, u ancha yumshoq, sernam boʻladi. Shu davrning oxiriga borib, dondagi nam 22—30% gacha kamayadi, don zichlashadi. Boshokli ekinlarda asosiy poya sargʻayadi, faqat poyaning yuqori qismigina yashilligicha qoladi. Toʻla pishish davriga oʻtganda oʻsimlik tupi uchigacha sargʻayadi, doni qotadi. Makkajoʻxori, oq joʻxori, tariq, sholida don yetilishi va poyalar qurishi oʻzgacha oʻtadi. Mac, makkajoʻxorining ayrim navlarida don toʻla yetilganda ham poya va barglar yashil holda qolaveradi. Bu esa don uchun ekilgan makkajoʻxori poyalarini silos qilish imkonini beradi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil