Kontent qismiga oʻtish

Dogʻvoy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dogʻvoy (Codonopsis clematidea) – qoʻngʻiroqguldoshlar oilasiga mansub, qoʻlansa hidli koʻp yillik oʻt boʻladi. Boʻyi 50— 80 sm. Ildizi baquvvat, duksimon. Barglari, asosan, qarama-qarshi oʻrnashgan. Guli qoʻngʻiroqsimon. Tojbarglari och havorang. Iyunda gullab, avgust oxirida meva beradi. Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi togʻlarning zax yerlarida va daralarning tubida oʻsadi. Dogʻvoydan kodonopsin va kodonopsinin alkaloidlari olinadi. Poya va barglarida alkaloidlarning umumiy miqdori 0,04— 0,08%. Mahalliy xalq dogʻvoy poyasi va barglaridan tayyorlangan damlamani bosh ogʻrigʻi, oftob urishi, sariq kasalligi va turli teri kasalliklarini davolashda ishlatadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil