Disproporsiyalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Disproporsiyalar — iqtisodiyotga xos boʻlgan mutanosiblik (turli sohalar oʻrtasidagi nisbat)larning buzilishi, izdan chiqishi. D. yuz berganda jami talab bilan taklif, i. ch. bilan isteʼmol, jamgʻarma bilan isteʼmol, sanoat bilan qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish bilan transport, eksport bilan import, pul massasi bilan tovarlar va xizmatlar massasi va b. oʻrtasidagi mutanosiblik buziladi. Jami talab va taklifning oʻzaro mos tushmasligi D.ni keltirib chiqaruvchi asosiy sabab hisoblanadi. D. natijasida iqtisodiy tanglik va hatto boʻhronlar paydo boʻlishi mumkin. D. kelib chiqish sababiga koʻra iqtisodiy D. (iqtisodiy subʼyektlarning yakka va tarqoq boʻlishi, ular faoliyatining bozor orqali oʻzaro toʻla uygʻunlashmaganligi), tabiiy D. (tabiiy sharoitning qulay kelmasligi, turli ofatlarning boʻlishi, kutilmaganda tabiiy resurslarning yetishmay qolishi), siyosiy D. (siyosiy beqarorlik tufayli xoʻjalik aloqalarining vaqtincha uzilib qolishi, iqtisodiy talafot keltiruvchi urush harakatlarining yuzaga kelishi) mavjud. D. oʻtkinchi harakterga ega boʻlib, ular muayyan vaqtdagina yuzaga keladi va keyinchalik bartaraf etiladi. D.ning barta-raf etilishi bozor mexanizmi va davlat tomonidan iqtisodiyotning tartiblanishi orqali amalga oshiriladi.

Ahmadjon Oʻlmasov.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil