Diplomatik munosabat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Diplomatik munosabat - xalqaro huquq meʼyorlariga va xalqaro muloqot tajribasiga koʻra davlatlar oʻrtasida rasmiy munosabatlarni yuritishning asosiy shakli. D.m. davlatlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirishga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turishga koʻmaklashishi zarur. Diplomatik munosabatlar to'g'risidagi 1961 yil Vena konvensiyasiga binoan davlatlararo D.m. oʻzaro kelishuv asosida yoʻlga qoʻyiladi. D.m.ni oʻrnatishda odatda biron-bir davlat va uning hukumatining boshqa bir davlat tomonidan defakto yoxud deyure tan olinishi dastlabki qadam hisoblanadi. D.m. manfaatdor davlatlar vakillari bilan bevosita yoki bilvosita, uchinchi bir davlat diplomatik vakillari bilan muzokara yuritish natijasida oʻrnatiladi hamda davlatlar va hukumatlarning boshliqlari, tashqi ishlar vazirlari, maxsus vakolatli shaxslarning oʻzaro maktub, telegramma va xatlar ayirboshlashi tarzida rasmiylashtiriladi. Tomonlar D.m. oʻrnatilishi fakti haqida, diplomatik vakilliklar darajasi (elchixona yoki missiya), bitimning kuchga kirish sanasi, uni eʼlon qilish muddati va tartibi toʻgʻrisida ham oʻzaro kelishib oladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil