Dilorom Omonullayeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dilorom Omonullayeva
Umumiy maʼlumot
Tavalludi Dilorom Darvinovna Omonullayeva
1-oktyabr 1959-yil (1959-10-01) (64 yosh)
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston

Dilorom Omonullayeva (1959-yil 26-oktabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — taniqli oʻzbek bastakori. „Doʻstlik“ ordeni sovrindori (1998), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (2009). „Ofarin“ mukofoti sohibasi[1].

Dilorom musiqachilar oilasida tugʻilgan. Uning bobosi musiqali drama teatri artistlaridan biri Muhammadjon Xolmuxamedov shu teatrning artisti San'atxon Xolmuxamedova va bolalarni estetik tarbiyalash bo'yicha ilmiy-uslubiyotning mutahasislaridan Darvin Omonullayevlarning farzandi. Dastlab, Viktor Uspenskiy nomidagi maxsus musiqa maktabida fortepiano sinfi boʻyicha oʻqiydi va professor Boris Zeydman sinfida kompozitsiyadan ham qoʻshimcha saboq oladi. Dilorom Omonullayeva 1978-yil maktabni muvaffaqiyatli bitirib, O'zbekiston konservatoriyasining kompozitorlik fakultetida professor B.I.Zeydman sinfida tahsil oldi. B.I.Zeydman vafotidan soʻng Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, kompozitor Rumil Vildanov sinfida oʻqishni davom ettirdi. Yosh mutaxassis talabalik davridayoq 1984-yilda Hamza xotirasiga bagʻishlangan „Sonata № 1“, „Samarqand manzaralari“, fortepiano uchun „Sonata № 2“, bir necha romanslar va III qismli kvartet, fortepiano va fleyta uchun „Pomir eskizlari“ polifonik pyesalarni taqdim etib, Toshkent davlat konservatoriyasini imtiyozli diplom bilan bitirdi. Yosh mutaxassis yoʻllanma bilan Guliston sanʼat bilim yurtida 1984—1986 yillarda musiqa fanlaridan dars bera boshladi. 1986—1990-yillarda Omonullayeva konservatoriyada professor T.Qurbonov sinfida assistent — stajyor sifatida saboq oladi[2].

Bastakorlik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilorom 1990—1993-yillarni konservatoriyada „Bastakorlik va cholgʻulashtirish kafedrasi“da oʻqituvchi boʻlib ishlay boshladi. Omonullayevaning ijodiy faoliyatida zamonaviy estrada qoʻshiqchilik sanʼati ustuvor turadi. U zamondosh shoirlardan U. Azimov, Z. Obidov, J. Jabborov, Y. Mirzo, P. Moʻmin, U. Oʻtamov, M. Omon, B. Rajab, N. Narzullayev, Y. Suyunov, E. Madraximov, Z. Moʻminova va H. Xudoyberdiyeva va boshqalarning soʻzlariga, turli mavzularda 100 dan ortiq qoʻshiqlar yaratgan.

Ular orasida „Men seni hech kimga bermayman“, „Yomgʻr yogʻdi“, „Saraton“, „Siz yoqqansiz menga hamisha“, „Ikki daraxt“, „Sen qaydasan“, „Azizim“, „Baxtiyorim“, „Yashnayver Oʻzbekiston“, „Qora atlas“, „Armon boʻlmasin“, „Koʻnglim qushi qoʻlingda“, „Yigʻlama“, „Yolgʻon dunyo“, „Otash zamon“, „Bilsang edi“ va boshqa shu kabi bastalangan asarlari estrada xonandalari K. Razzoqova, K. Qayumov, M. Oynaqulova, A. Rahimova, R. Bo’ronova, aka-uka Saidoripovlar ijrolarida mashhur boʻldi. Omonullayevaning bolalar uchun ham yaratgan qoʻshiqlari bor. Jumladan 1985-yilda „Gul qoʻshigi“ multfilmi uchun musiqa bastalagan[3]. Dilorom 1997-yilda „Sharq taronalari“ xalqaro musiqa festivali madhiyasiga musiqa bastalagan.

2001-yilda Oʻzbek milliy teatri ochilishiga U. Azimov sheʼriga „Milliy teatr madhiyasi“ni yaratdi. 1988-yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi madhiyasini N. Komilov sheʼri bilan yaratdi. Vatanparvarlik mavzusida 30 ga yaqin qoʻshiqlar jumladan, „Zarralari zar vatan“, „Tugʻilgan kuning muborak boʻlsin“, „Sen mening Vatanim“, „Toʻylaring muborak“, „Azizi boʻston-Oʻzbekiston“, „Humo qushim“, „Oʻzbekiston vatanim manim“ kabi koʻplab qoʻshiqlar yaratdi.

Yutuqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilorom Darvinovna Omolullayeva 1998 yili „Doʻstlik ordeni“ bilan taqdirlangan. U 2009-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni, „Ofarin mukofoti“ sohibasi, „Oʻzbekiston-Vatanim manim“ va boshqa tanlovlar sovrindori boʻlgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „АМАНУЛЛАЕВА ДИЛОРОМ“ (Ruscha). Commus.uz. Qaraldi: 4-avgust 2022-yil.
  2. „O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Dilorom Omonullayeva tug’ilgan kun“ (O'zbekcha). Taqvim.uz. Qaraldi: 4-avgust 2022-yil.
  3. „Амануллаева Дилором“ (Ruscha). Vs-composer.narod.ru/. Qaraldi: 4-avgust 2022-yil.