Diloro Yusupova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Diloro Yusupova
Tavalludi 1911-yil
Vafoti 1981-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Moskva O‘zbek Maorif instituti
O‘rta Osiyo davlat universiteti (O'zMU)
Kasbi Huquqshunos
Turmush oʻrtogʻi Muhammadjon Moʻminov
Bolalari Marat Mo‘minov (1930—1998)
Surayyo Mo‘minova (1933—1954)
Otasi Sobirjon Yusupov

Diloro (Dinara) Yusupova (1911-yil, Buxoro — 1981-yil, Toshkent) — Oʻzbekistondagi birinchi ayol huquqshunos, O‘zSSR bosh prokurori yordamchisi. BXSR harbiy ishlar noziri Sobirjon Yusupovning qizi.

Diloro Yusupova 1911-yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. Otasi Sobirjon Yusupov „Yosh buxoroliklar“ tashkilotining faollaridan bo‘lib, rus tilini yaxshi bilgani tufayli siyosiy harakatlarda faol qatnashgan. Shu sabab Diloroning yoshligi otasining siyosiy qarashlari tufayli taʼqib va quvg‘inlarda o‘tgan.

Diloro Yusupova 11 yoshida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tomonidan Moskva shahriga o‘qishga yuborilgan. Oʻqish davomida o‘zining iqtidori, bilimga tashnaligi bilan 1924-yildayoq Moskvadagi o‘zbek talabalari orasida tanildi. 1926-yil maktabni aʼlo baholarga tugatib, O‘zbekistonga qaytdi.

Diloro Yusupova Toshkent komsomolining okrug qo‘mitasida ishlagan. Shu bilan birga O‘rta Osiyo davlat universitetining sud bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan. Keyinchalik aspiranturaga tayyorlanib, Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutiga o‘qigan[1]. Shundan keyin bitiruv imtihonlarini yaxshi topshirib yo‘llanma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga joʻnatilgan. Berilgan sinov muddatidan so‘ng Yusupova 1925-yili 24 yoshida O‘zbekiston Respublikasi prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlangan[2].

Diloro Yusupova Moskva oʻqiyotgan vaqtida tanishgan O‘zSSR Oliy sudi sudyasi namanganlik Muhammadjon Mo‘minov bilan turmush qurgan. Muhammadjon Mo‘minov O‘zbekistonda yuridik fanlarning shakllanishiga asos solgan yosh huquqshunoslardan boʻlgan. Mo‘minov Samarqandda O‘zbekiston Oliy sudi kollegiyasining aʼzosi, 1931-yildan 1935-yilgacha sud tizimidagi qator muhim lavozimlarda xizmat qilgan. 1937-yil 29-mart kuni Muhammadjon Mo‘minov hibsga olinadi. O‘sha paytda Mo‘minov O‘zSSR Adliya komissarligining aholiga yuridik yordam va sud himoya bo‘limi boshlig‘i, Yusupova boʻlsa O‘zSSR Bosh prokurori yordamchisi boʻlgan.

1937-yilning 22-sentabrida „xalq dushmani“ning xotini, erining troskiychiligini, aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan deb 25 yoshli O‘zSSR prokurori yordamchisi Diloro Yusupovani ham qamoqqa oladilar. Marat ismli 6 yoshli o‘g‘li va 4 yoshli qizi Surayyo bolalar uyiga topshiriladi. 1938-yilning 4-oktyabrida Diloro Yusupovaning turmush oʻrtogʻi Muhammadjon Mo‘minov „Moskvada oʻtkazilgan namoyish rahbarlaridan biri“ degan tuhmat bilan otib tashlangan[3]. Yusupova shartli ravishda ozodlikka chiqariladi.

Dilora Yusupova bergan ariza boʻyicha 1956-yilda qayta tergov oʻtkaziladi. 1957-yil 23-yanvarda Muhammadjon Mo‘minov SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]