Muhammadjon Moʻminov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammadjon Moʻminov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Muhammadjon Moʻminov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammadjon Moʻminov 1903-yilda Namangan shahrida tavallud topgan. U Namangandagi eski maktabda, keyinchalik 1917-yilgacha Namangandagi gimnaziyada tahsil oladi. Otasi Abdumoʻmin Inagʻomov mahalliy qozilikda faoliyat koʻrsatgan. 1917-1920-yillarda Muhammadjon Moʻminov mustaqil ravishda oʻzi taʼlim oladi. U 1920-yilda Namangandagi komsomol tashkilotiga aʼzo boʻladi. 1921-yil Muhammadjon Moʻminov Qoʻqon shahridagi ishchi fakultetiga oʻqishga kirgan. Ammo ushbu fakultet 1922-yil sentabrda tugatiladi. U Toshkentga ketishga majbur boʻlib Oʻrta Osiyo davlat universiteti ishchi fakultetiga qabul qilinadi. Muhammadjon Moʻminov 1923-yil ushbu fakultetni tugatib diplom oladi. U bilimini mustahkamlash maqsadida Moskva shahriga boradi[1]. 1923—1924-yili Moskva davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi. U 1928-yil soʻngida „Mamlakatning boshqaruv tizimida prokuror nazorati“ mavzusida diplom ishi muvaffaqqiyatli himoya qilib, qizil diplom bilan bitiradi. Muhammadjon Moʻminov 1929-yilda Samarqandga keladi va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi kollegiyasi aʼzosi etib tayinlanadi. 1931-yildan u OʻzSSR Adliya xalq komissarligida aholiga yuridik yordam koʻrsatish va sud himoya boʻlimining mudiri sifatida faoliyat koʻrsatadi. Muhammadjon Moʻminov 1932—1935-yillarda Sovet qurilish va huquq ilmiy tekshirish instituti direktori vazifasida faoliyat olib boradi. 1935-yili Fargʻona muzofotiga prokuror etib yuboriladi. 1937-yilda Toshkentga qaytishga majbur boʻladi. 1937-yil 28-mart kuni OʻzSSR IIXK rahbari Zagvozdin qarori bilan OʻzSSR JKning 66-moddasi 1-qismi bilan ayblanadi. 1937-yil 29-mart kuni uning uyida tintuv oʻtkaziladi. 1937-yil 20-dekabr kuni Muhammadjon Moʻminov OʻzSSR IIXK Leonov tomonidan ayblov bayonnomasi imzolanadi. 1938-yil 4-oktabr kuni Muhammadjon Moʻminov Oliy sud qarori bilan unga otuv hukmi oʻqiladi va hukm oʻsha kunning oʻzida ijro etiladi. 1957-yil 23-yanvar kuni SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi qarori bilan Muhammadjon Moʻminov oqlanadi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240 bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304 bet.