Dermatomiozit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Dermatomiozit (dermato... va yun. myos — muskul) —

koʻpincha muskul, teri va nerv zararlanishi bilan oʻtadigan va kollagenoz turkumiga mansub umumiy kasallik; oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir yoki surunkali boʻladi. Aksari sil, ich terlama, gripp kabi yuqumli kasalliklardan keyin roʻy beradi. Yoshlar va ayollarda koʻproq uchraydi. Dastlab yuz, keyinroq oyoq-qoʻl va badanda kizil, koʻkimtir dogʻlar, tuguncha, pufakchalar paydo boʻladi, Ular anchagina joyni egallashi, hatto butun badanga tarqalishi mumkin, Keyinchalik pufakchalar soʻrilib, oʻrnida qoramtir dogʻ qoladi, teri yupqalashadi (atrofiya). Ogʻiz, tomoq, koʻz shilliq qavati, oyoq-qoʻl, qovurgʻalar orasi, umurtqalar atrofi, hatto koʻz kosasi muskullari ham kasallanadi; bemor darmonsizlanib, tez charchaydigan boʻlib qoladi, baʼzan, harorati koʻtariladi. Ushbu jarayonda plevrit, endokardit kabi kasalliklar paydo boʻladi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab tayinlanadi (asosan kortioksteroidlar buyuriladi). Biriktiruvchi to‘qimaning kasalliklari orasida alohida o‘rin tutadigan xastaliklardan biri bu dermatomiozitdir. Dermatomiozit - og‘ir sistemali kasallik bo‘lib, teri va ko‘ndalang-targ‘il muskullarni ustivor zararlash bilan kechadigan biriktiruvchi to‘qimaning diffuz zararlanishidir. Kasallik nisbatan kam uchraydi, T.A.Medsger (1970) bo‘yicha, dunyoda har yili 1mln. axoliga 5 ta yangi bemor aniqlanadi. Ammo A.P. Soloveva (1980), G.M. Gext va N.A. Ilinalar (1982) fikricha oxirgi yillarda kasallikni kayd kilish xollari ko‘payib bormoqda. Kasallikni birinchi marotaba 1863 yili Potain, 1875 yili esa E.Wagner kuzatganlar. Keyinchalik, ya’ni 1887 yili Wagner bu kasallikni o‘tkir polimiozit nomi bilan bayon qilib chiqdi, chunki bu bemorda kasallik o‘tkir kechib, terida kasallik alomatlari kuzatilmagan edi. Oradan 4 yil o‘tgach, 1891 yili H.Unverricht bu kasallikning teri va muskullar jaroxati ustivor bo‘lgan klassik variantini bayon qilib berdi va “dermatomiozit” deb atashni taklif qildi. Bu kasallik kam uchrashidan tashqari, undan ham kam xollarda o‘z vaqtida to‘g‘ri diagnostika qilinadi. Kattalar va bolalar bu kasallik bilan birdek xastalanadilar. Ko‘pincha 20-50 yoshlar orasida uchraydi. Ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq kasallanadilar (3:2). Dermatomiozitning etiologiyasi aniqlanmagan. Azaldan ma’lum bo‘lgan infeksion, allergik, moddalar almashinuvining buzilishi kabi nazariyalar xozirgi kungacha o‘z isbotini topmagan. Kasallikning o‘tkir boshlanishi, bo‘shashish, o‘zini yomon xis qilish, xolsizlik (kamquvvatlik), artralgiyalar, mialgiyalar, ko‘ngil aynishi, yo‘ldosh kasallik sifatida infeksion xastaliklar uchrashi yoki yuqumli kasalliklardan keyin boshlanishi kabi omillar dermatomiozitni infeksion xarakterga ega bo‘lgan kasallik deb gumonsirashga asos bo‘ladi. Ammo bu kasallikni qo‘zg‘atuvchisini topish va isbotlash hozirgi kungacha hech kimga nasib qilmagan. Xuddi shuningdek allergik va moddalar almashinuvining buzilishi nazariyalarini ham hozirgacha hech kim isbot qilib bera olmagan.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Yoqubova M.A., Muhammadjonova L.A. “KOLLAGENOZLAR” (Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari davolash, tibbiy pedagogika, pediatriya va stomatologiya fakultetlari 4-kurs talabalari uchun o‘quv qo‘llanma) Andijon – 2018, 102 b.