Dengiz kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Dengiz kasalligi - kema chay qalganda roʻy beradigan kasallik holati. Samolyotda uchganda, poyezd va avtomobilda ketayotganda, liftda tez tushganda, argʻimchoqsa tez uchganda va b. hollarda ham D. k.ga xos belgilar paydo boʻladi. D. k.da bemorning koʻngli aynib qusadi, rangi oʻchadi, koʻp terlaydi, boshi aylanib ogʻriydi, darmonsizlanadi, nafas olishi va tomir urishi sustlashadi, hushdan ketish, depressiya holati kuzatiladi. Odatda, kema chayqalishdan toʻxtagach, barcha holatlar tezda yoʻqolib ketadi. Koʻpchilik kishilar transport vositasida harakat yoʻnalishiga teskari oʻtirib qolganlarida ham yuqoridagi holatlar kuzatilishi mumkin.

D. k.da ichki quloqning vestibulyar apparati taʼsirlanadi. D. k.ning paydo boʻlishi va avj olishida nerv sistemasining holati ham maʼlum ahamiyat kasb etadi, koʻproq qiziqqon kishilar va nevrasteniyaga moyil ayollarda kuzatiladi. Baʼzi yoʻlovchilarda kemaga oʻtirishi bilan kasallik belgilari roʻy beradi yoki aksincha kemada biror kor-hol roʻy berishi haqida ogohlantirilganda ham kasallik bel-gilari yoʻqolib, kishi sergaklanadi. Kemada ketayotganda ochiq havodan koʻproq bahramand boʻlish, biror narsa bilan mashgʻul boʻlish, nordon konfet yoki vitamin shimish D. k.ning oldini olishda yaxshi foyda beradi. Chayqalishga chidamsiz boʻlgan kishilar kemaning oʻrtaroq joyida (chunki bu joyda chayqalish nisbatan kuchsiz boʻladi) boshni orqaga egiltirib oʻtirishlari tavsiya etiladi. D. k.ga xos belgilar paydo boʻlishi bilan nerv sistemasini tinchlantiradigan dori — aeron qabul qilish kerak.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil