Davron Shodiyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Davron Shodiyev
Tavalludi 20-iyul 1938-yil
Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR
Vafoti 28-dekabr 2008-yil(2008-12-28)
(70 yoshda)
Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti
Taʼlimi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti
Ilmiy darajasi pedagogika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari Oʻzbekiston fan arbobi

Davron Shodiyevich Shodiyev (1938-yil 20-iyul, Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR – 2008-yil 28-dekabr, Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik olim, pedagog, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (1998), pedagogika fanlari doktori (1986), professor (1989), Rossiya pedagogika va ijtimoiy fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (1995).

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davron Shodiyev 1938-yil 20-iyul Qarshi tumanidagi Lagandi qishlogʻida tugʻilgan[1]. 1960-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti fizika-matematika fakultetini tugatgan. 1961—1967-yillarda Qarshi pedagogika instituti oʻqituvchisi, 1972—1974-yillarda institutning „Fizika oʻqitish metodikasi va oʻqitishda texnika vositalaridan foydalanish“ kafedrasi mudiri, 1974—1975-yillarda fizika-matematika fakulteti dekani, 1975—1985-yillarda prorektor, 1987—1991-yillarda institut professori, 1991—1993-yillarda kafedra mudiri, 1993—1998-yillarda Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish instituti direktori, 1998—2002-yillarda direktor oʻrinbosari[1]. Davron Shodiyev 2008-yil 28-dekabrda Qarshi tumanidagi Lagandi qishlogʻida vafot etgan[1].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asosiy ilmiy ishlari fizika fanini oʻqitish metodikasining metodologik muammolari va umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun fizika boʻyicha darsliklar yaratishga oid. Olim hammuallifligida 7—11-sinflar uchun yozilgan „Fizika“ darsliklari 1987-yildan Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH davlatlari maktablarida qoʻllanilib kelingan. 1987-yilda „Umumtaʼlim maktablarida tabiiy fan asoslarini oʻrganishda nazariya va tajribaning mutanosibligi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. „Oʻquv jarayoni empirik va nazariy bilimlar darajasining metodologik muammolari“ (ruscha: „Методологические проблемы теоретического и эмпирического уровней познания в учебном процессе“, 1982), „Oʻrta maktab fizika taʼlimida nazariya va tajribaning mutanosibligi“ (ruscha: Взаимодейтвие теории и эксперимента при обучении физики в средней школе“, 1985), „Fizika oʻqitish jarayonida fikriy tajribalar“ (ruscha: „Мысленный эксперимент в преподавании физики“, 1987) kabi kitoblar muallifi[1].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1984-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi, 1998-yilda Oʻzbekiston fan arbobi unvoni bilan taqdirlangan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE