Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (OʻzRda) — yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qiluvchi, harakatni tartibga solib turuvchi idora; OʻzR ichki ishlar vazirligi tarkibidagi bosh boshqarma. Oʻzbekistonda dastlab 1936 y.da ichki ishlar xalq komissarligining IshchiDehqon militsiyasi bosh boshqarmasi tarkibida "Davlat avtomobil inspeksiyasi" tashkil etildi. Bu inspeksiya turli yillarda GAI — DAN (Davlat avtomobil nazorati) nomi bilan atab kelindi. 2001 y. may oyidan D.y.h.x.x. deb yuritila boshlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tarkibida yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari, shahar, tuman ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari tarkibida avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish meʼyorlari va qoidalariga amal qilishni nazorat etuvchi guruhlar tuzilgan. D.y.h.x.x. oʻz faoliyatida "Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1999 y. 19 avg .), OʻzRning Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va 2001 y. 1 martdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi "Yoʻl harakati qoidalari"ga asoslanadi. D.y.h.x.x. zimmasiga yoʻl harakatini tartibga solish, harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, haydovchi va piyodalar tomonidan "Yoʻl harakati qoidalari"ga rioya etilishini nazorat qilish, jamoat tartibini saklash, ichki ishlar idoralarining boshqa xizmatlari bilan birgalikda jinoyatchilikka qarshi kurash, avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga amal qilishni nazorat etish, transport vositalarini roʻyxatga qoʻyish, roʻyxatdan chiqarish, haydovchilik guvohnomalari berish kabi vazifalar yuklatilgan. D.y.h.x.x. tarkibiga oliy va oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan, shuningdek, Oʻzbekistan Respublikasi ichki ishlar vazirligi Akademiyasining maxsus fakultetini tamomlagan mutaxassislar qabul qilinadi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil