Davlat uy-joy fondi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Davlat uy-joy fondi - davlatning ixtisoslashtirilgan uylari (yotoqxonalar, nogironlar, faxriylar, yolgiz keksalar uchun internat uylari, mehribonlik uylari va b. maxsus maqsadlar uchun moʻljallangan uylar), shuningdek, davlat ixtiyoridagi idoralar, tashkilotlar, turli muassasalarning uy-joy binolari. D.u.j.f. mahalliy hokimiyat idoralariga qarashli va davlat tasarrufidagi tashkilotlar, korxonalar, muassasalar va b.ga karashli turar joy fondlaridan iborat. Ular ixtiyoridagi turar joy fondlariga xizmat koʻrsatish vazirliklar, idoralar qoshidagi kommunal xizmat koʻrsatish tarmoqlari tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda D. u.j. f.ning shakllanishi 20-asrning 20-y.laridan boshlandi. 1924—90-y.larda respublikada moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga kommunal uy-joy xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish tarmogi barpo qilindi va jami 250,4 mln. m2 uy-joy fondi qurildi (shundan 79,1 mln. m2 davlat, jamoat, uy-joy qurilishi shirkatlari uyjoy fondi, 171,1 mln. m2 fuqarolarning shaxsiy uy-joyi).

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, iqtisodiyotni isloh qilish, bozor iqtisodiyotiga oʻtish natijasida davlatning uy-joy siyosatida ham tub burilish yasaldi. OʻzR ning "Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida" (1993-yil 7 may), "Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida"gi qonunlari qabul qilindi (1996-yil 27 dek.; yana q. Davlat mulkini xususiylashtirish, Uy-joy fondi).

Shahar va qishloqlarda zamonaviy andozadagi binolar qad koʻtardi. Keyinchalik aholi turar joylarini yaxshilash uchun juda koʻplab mablagʻlar sarflandi. D.u.j.f.ning qariyb 98,8% fuqarolar xususiy mulkiga aylantirildi. 1992—93-yillarda umumiy maydoni 57,4 mln. m2 boʻlgan 990,6 ming kvartira arzon baholarda, shu jumladan 18,8 mln.m2 boʻlgan 318,7 ming kvartira (madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash xodimlariga) bepul xususiy mulk qilib berildi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil