Davlat urugʻchilik nazorati davlat tomonidan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Davlat urugʻchilik nazorati davlat tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlik va nav sifatlarini, shuningdek, urugʻchilik xoʻjaliklari, seleksiya styalari, tayyorlov tashkilotlarida yuqori sifatli urugʻlik yetishtirish ishlarini nazorat qilish tizimi. D.u.n. idorasi ekish uchun ishlatiladigan va savdodagi urugʻlikning ekishga yaroqliligini (lab. sharoitida) va navdorligini (lab. sharoitida, dala tajriba maydonlarida, aprobatsiyani nazorat qilish) tekshiradi. Respublikada gʻalla, sabzavot, ozuqabop va mevali ekinlarning elita urugʻchiligi bilan navni yaratgan ilmiy tadqiqot institutlari, reproduksiyalar urugʻlarini yetishtirish bilan ularning tayanch shoxobchalari, shuningdek, urugʻchilik xoʻjaliklari shugʻullanadi. Oʻzbekistonda urugʻchilik sifatini davlat yoʻli bilan nazorat qilish ishlari tarixi 1922-yildan boshlanadi. Shu davrdan Markaziy seleksiya styasida paxta urugʻchiligi nazorati yoʻlga qoʻyildi. 1934-yilda respublikada paxta urugʻchiligi st-yasi tashkil etildi. 1965-yilda davlat urugʻchilik inspeksiyasi va uning hududiy boʻlimlari tuzildi. Bu inspeksiya paxta urugʻlik fondidan boshqa barcha qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻligini sifatli yetishtirish, urugʻlik dalalarida aprobatsiya oʻtkazish, urugʻlik sifatini aniklab, ekishga yaroqli urugʻlikka sertifikat berish kabi nazorat ishlarini bajardi.

Respublika mustaqillikka erishganidan soʻng urugʻchilik nazoratini jahon standartlari darajasida olib borish uchun urugʻchilikda tub islohotlar oʻtkazildi. 1995-yil oktabrda Respublika paxta urugʻchiligi st-yasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzurida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻligini sertifikatlash va sifatini nazorat qilish Davlat markazi — "Oʻzdavurugʻnazoratmarkaz" va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi markazlari tashkil etildi. "Oʻzdavurugʻnazoratmarkaz"ning Toshkent viloyati Qibray tumanida respublikada ekilayotgan barcha urugʻlik partiyalari namunalarining nav sofligi aniqlanadigan 9 ga dan iborat dala tajriba maydoni bor. Oʻzbekistonda urugʻchilik va uruglik sifati ustidan davlat nazoratini, shuningdek, qimmatli navlar genofondini saqlab qolish, respublikaning iqlim sharoitlariga moslashgan nav va duragaylar yaratish, qishloq xoʻjaligini serhosil va yuqori sifatli urugliklar bilan taʼminlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasining "Urugʻchilik toʻgʻrisida"gi (1996-yil 29 avgust) qonuni bilan tartibga solinadi.

Shuhrat Qoʻziboyev, Husniddin Rahimov.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil