Kontent qismiga oʻtish

Daryo oqimini tartibga solish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daryo oqimini tartibga solish — daryodan oqayotgan suvni vaqt davomida va xalq xoʻjaligi ehtiyojlariga koʻra qayta taqsimlash. Muayyan davrda oqimni tabiiy daryo rejimiga nisbatan koʻpaytirish yoki kamaytirishdan iborat. Bunga daryoda suv talabga nisbatan koʻp boʻlganda uni suv omborlarida vaqtincha toʻplash, isteʼmol tabiiy oqimdan yuqori boʻlganda jamgʻarilgan suvni sarflash yoʻli bilan erishiladi. Suvni yigʻish va chiqarish siklining davomiyligiga qarab D.o.t.s. koʻp yillik, mavsumiy, haftalik va sutkalik boʻladi. Suvi kam daryolar oqimini sersuv daryolar hisobiga koʻpaytirish maqsadida koʻp yillik tartibga solish qoʻllanadi; mavsumiy tartibga solishda suv yil davomida fasllarga qarab qayta taqsimlanadi. Hafta va sutkalik D.o.t.s. suvni isteʼmol qilishning hafta va sutka davomida oʻzgarishiga bogʻliq boʻlib, gidroenergetika va suv taʼminoti maqsadlari uchun xizmat qiladi.

Oʻrta Osiyoda sugʻorish uchun asosan D.o.t.s.ning koʻp yillik va mavsumiy turlaridan foydalaniladi. D.o.t.s. grafigi birinchi navbatda sugorishning, soʻngra gidroenergetikaning suvga boʻlgan talabini hisobga olib tuziladi. Suvni tartibga soluvchi hajm (ombor) sifatida oʻzanli va toʻldiriladigan suv omborlari (yoki ularning kaskadi)dan, koʻllar va ayrim qulay sharoitlarda yer osti suvlarining suvli qatlamlaridan foydalaniladi. Oʻrta Osiyoda Sirdaryo (havzasida Toʻxtagʻul, Chordara, Qayroqqum, Chor-voq va b. suv omborlari mavjud), Amudaryo (havzasida Norak, Tallimarjon, Janubiy Surxon, Chimqoʻrgʻon, Tuyamoʻyin va b. suv omborlari qurilgan) oqimlari xalq xoʻjaligi ehtiyojlariga javob beradigan darajada tartibga solingan.

Toshtemir Bekmurodov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil