Daraxtlarga shakl berish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Daraxtlarga shakl berish - bogʻdorchilik va manzarali bogʻdorchilikda qoʻllaniladigan agrotexnologik usullardan biri, daraxt va butalar shox-novdalarini butash, siyraklatish, qisqartirish yoʻli bilan ularni muayyan bir koʻrinishda oʻstirish. D.sh.b. daraxtning havo, yorugʻlikdan yaxshi bahramand boʻlishi, oziq moddalarning hosilli novdalarda toʻplanishi, hosildorlikni oshirish va mevalar sifatini yaxshilashga imkoniyat yaratadi. Shakl berilmagan daraxtlar kam yashaydi va kam hosil beradi. Daraxtni oʻstirish shakli joyning tuproq-iqlim sharoitlariga, meva turi va navining biologik xususiyatlariga qarab tanla-nadi. Dastlabki shakl berish ishlari koʻchatzorning ikkinchi dalasida boshlanadi, soʻngra bogʻda 6—8 yil davom ettiriladi.

Dunyo mamlakatlari bogdorchiligida D.sh.b.ning gʻoyat xilma-xil turlari qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda meva daraxtlarining koʻpchiligiga past tanali (asosiy tana bal. 50—70 sm) qilib shakl beriladi, natijada meva daraxtlari hosilga erta kiradi, ularni parvarish qilish, butash, zararkunandalarga qarshi kurash, hosilni yigʻib-terib olish osonlashadi. Xiyobonlarga, yoʻllarning chetlariga oʻtkaziladigan daraxtlarga baland tanali (150—200 sm), anjir, anor, koʻpgina past boʻyli payvandtag daraxtlarga asosan buta (tana bal. 50 sm) koʻrinishida shakl beriladi.

Markaziy tana va asosiy shoxlarning joylashishiga qarab D.sh.b. pogʻonali, siyrak pogʻonali, kosasimon, butasimon va b. boʻlishi mumkin. Pogʻonali shakl (olma, gilos, nok va b. qoʻllaniladi)da asosiy shoxlar tanada pogʻonalab joylashtiriladi, pogʻonada 3—5 tadan shoxboʻladi. Siyrak pogʻonali shaklda (koʻpchilik meva turlari uchun qabul qilingan) daraxtda 5—8 ta asosiy va 1—2 qoʻshimcha shoxlar qoldiriladi. Kosasimon shaklda koʻchat boqqa oʻtkazilishi bilan tanadan chiqqan 3—5 ta shox 20—30 sm uzunlikda krldiriladi, markaziy tana qirqib tashlanadi. Bu shaklda koʻproq shaftoli, olcha oʻstiriladi. Butasimon shaklda (ildizidan rivojlanadigan oʻsimliklar — anor, anjir, turkman olmasi, smorodina, malina va b.) markaziy tana boʻlmaydi, ildizdan 2—3 ta mustaqil tana va ulardan shoxshabba chiqariladi, tanalar qariganidan keyin ildizdan chiqqan yangi tana bilan almashtiriladi. 1970-y.lardan boshlab Oʻzbekistonda Italiyada (prof. Baldosari) kashf etilgan sunʼiy shakl berish usullaridan biri — palmetta shakli (past boʻyli payvandtaglardagi meva daraxtlari — olma, nokni shox-shabbaga yassi shakl berib, soʻri yoki simbagʻazlarda oʻstirish) sinab koʻrildi, lekin sermehnatligi tufayli keng yoyilmaydi. D.sh.b.ning asosiy tizimlari rasmda berilgan. Tokka shakl berish haqida tok maqolasiga q. == Adabiyot ==

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ribakov A. A., Ostrouxova S. A., Oʻzbekistan mevachiligi, T., 1967; Sobirov M., Tomorqa bovdorchiligi, T., 1991. Sulton Xolnazarov.