Dakriotsistit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dakriotsistit (yun. dakryon — yosh va kystis — xaltacha) — koʻz yoshi xaltachasining yalligʻlanishi. Yosh xaltachasini burun boʻshligʻiga tutashtirib turadigan yoʻlning bekilib qolishi sabab boʻladi. Bunda koʻz yoshi burunga ravon oʻtmaydi, keyinchalik butunlay oʻtmay qoladi. Bu yoʻlning bekilishiga koʻproq burun boʻshligʻi va uning atrofida joylashgan boʻshliqlar shilliq pardalarining yalligʻlanishi sabab boʻladi. Oʻtkir, surunkali va chaqaloqlar D.i farq qilinadi. Bemor koʻzining yoshlanishi va yiring chiqishidan shikoyat qiladi. Pastki qovoqning burun tomoni shishadi, qizaradi. Koʻp yosh oqadi, yiring chiqadi. Xaltachada toʻplanib qolgan yoshga biror infeksiya tushsa, xaltachaning shilliq pardasi yalligʻlanishi mumkin (surunkali D.). Yalligʻlanish xaltacha devoridagi toʻqimalarga oʻtib ketsa, oʻtkir yoki flegmonoz D. paydo boʻladi. Oʻtkir D.da bemorning boshi ogʻrib, temperaturasi koʻtariladi, umumiy ahvoli ogʻirlashadi. Yosh xaltachasining ustidagi teri shishib, qizaradi, burun va iyak tomonga tarqalishi mumkin.

Chaqaloqlar D. i yosh-burun kanalining burunga ochiladigan joyida boʻladigan pardaning bola tugʻilguncha soʻrilmay qolishi (toʻsiq borligi) natijasida vujudga keladi; klinik belgilari surunkali D.ga oʻxshab ketadi.

Bemorni vrach davolaydi. Oʻz vaqtida uni keltirib chikaruvchi sabab bartaraf etilishi lozim. Baʼzan jarroxlik usuli qoʻllaniladi — dakriotsistorinostomiya qilinadi, yaʼni yosh xaltachasi bilan burun boʻshligʻi tutashtiriladi. Oʻtkir D.da antibiotik va sulfanilamid preparatlari yaxshi naf beradi. Agar yosh xaltachasining flegmonasida flyuktuatsiya paydo boʻlsa, uni ochib yiringi chiqariladi. Oʻtkir yalligʻlanish belgilari yoʻqolgandan soʻng operatsiya qilinadi. Chaqaloklar D.i yosh xaltachasini massaj qilish, yosh oqish yoʻllarini zondlash, kateterlash va yuvish bilan tuzatiladi; bular naf bermasa, ichki (endonazal) yoki dakriotsistorinostomiya operatsiyasi qilinadi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil